Sport | 09:57 / 26.09.2016
4074
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadaning Jahon kubogi finalidagi raqibi aniqlandi

Yevropa terma jamoasi xokkey bo‘yicha Jahon kubogi yarim finalida Shvetsiya terma jamoasini mag‘lub etdi. 

25 sentabr kuni Torontoda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 3:2 hisobida yevropaliklar foydasiga hal bo‘ldi. 

Jamoalar birinchi davrada hisobni ochishning uddasidan chiqa olishmadi. Biroq, shiddatli boshlangan ikkinchi davraning uchinchi daqiqasida shvedlar hujumchisi Niklas Bekstrem jamoasini oldinga olib chiqdi. Yevropaliklar oradan 14 daqiqa o‘tgach, javob shaybasini kiritishning uddasidan chiqdi. 

Durang natija bilan boshlangan uchinchi davrada Yevropa termasi slovakiyalik Tomash Tatarning sa'y-harakatlari bilan oldinga chiqib oldi. O‘yinning asosiy vaqti yakunlanishiga 4 daqiqa qolganida shvetsiyaliklar vakili Erik Karlsson hisobni tenglashtirib, o‘z jamoasida umid uchqunlarini uyg‘otdi. 

Yevropaliklarning g‘alabasini dubl qayd etishga muvaffaq bo‘lgan Tatar ta'minladi. U, qo‘shimcha vaqtning 3 daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 

Shunday qilib, Jahon kubogi finalida Yevropa terma jamoasi kanadaliklarga qarshi muz maydoniga chiqadi. Turnir g‘olibi ikkita final bahsi natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Birinchi uchrashuv 28 sentabrda bo‘lib o‘tadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid