"Zarg‘aldoq poda": britaniyalik 800 ta qo‘yini zarg‘aldoq rangga bo‘yab chiqdi
Britaniyalik fermer Pip Simpson 800 ta qo‘yini o‘g‘rilardan himoyalash uchun zarg‘aldoq rangga bo‘yab chiqdi, deb xabar bermoqda The Daily Star.
Simpson o‘g‘riliklar tufayli oxirgi 4 yil ichida 300 ta qo‘yini yo‘qotgan va shuning uchun qo‘ylarini boshqa qo‘ylardan farqli qilishga qaror qilgan.
Fermer o‘z harakatlarini odamlar bunday qo‘ylarni sotib olmasliklari bilan asoslamoqda. Uning aytishicha, zarg‘aldoq rang xaridorlarga qo‘ylar o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi va ularni xariddan qaytaradi. Shu tariqa, fermerning podasidan qo‘y o‘g‘irlash befoyda bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, bo‘yoq zararli moddalarga ega emas va qo‘ylar salomatligiga ziyon yetkazmaydi. Huquq-tartibot muassasalari chorvaning o‘g‘irlanishi fermerlar uchun jiddiy muammo ekanligini tan olmoqdalar. Ular bergan ma'lumotlarga ko‘ra, fermerlar chorva o‘g‘irlanishidan ko‘radigan moliyaviy zarar bir yilda 4 mln funt sterlingga yetadi.