Jahon | 19:26 / 06.10.2016
36359
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 6 oktabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi va bu yerda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Bu haqida Belarus rahbarining matbuot xizmati xabar berdi. 

“Davlat rahbari samolyoti Samarqand aeroportiga qo‘ndi”, - deyiladi xabarda. 

Manbaga ko‘ra, Samarqand aeroportida Aleksandr Lukashenkoni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. 

“Belarus prezidenti Shohi Zinda majmuasi yonida joylashgan “Hazrati Xizr” qabristonini ziyorat qildi hamda Islom Karimov qabriga guldasta qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi”, - deyiladi manbada. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Sh.M.Mirziyoyev Belarus prezidentiga yodgorlik majmuasi va qabriston tarixi haqida so‘zlab bergan. Shundan so‘ng Lukashenko Forumlar saroyiga yo‘l olgan. Bu yerda Belarus davlat rahbari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti surati ostiga gulchambar qo‘ydi va Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova bilan suhbatlashib, unga o‘z hamdardligini bildirdi. 

 

Mavzuga oid