Sport | 20:11 / 12.10.2016
38653
3 daqiqa o‘qiladi

Fyodor Yemelyanenkoning balog‘atga yetmagan qiziga tajovuz qilingan

Foto: «Kommersant'»

Moskvada qoidasiz janglar bo‘yicha 8 karra va sambo bo‘yicha 9 karra jahon chempioni Fyodor Yemelyanenkoning 9 yoshli qiziga hujum qilindi. Voqea o‘tgan hafta oxirida yuz bergan, biroq u haqda endigina ma'lum bo‘lgan. Bu haqda "Moskovskiy komsomolets" nashri xabar bermoqda. 

Nashr muxbiri hujum 9 oktabrda sodir etilganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, bo‘lgan voqeani yashirishga "ko‘rsatma" berilgan.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, Yemelyanenko qizi Valentina maktabdan qaytayotganda unga noma'lum kimsa hujum qilgan va ko‘kragiga urgan. Bunday zarba ichki a'zolarni tashqi jarohatlarsiz shikastlash uchun berilgan bo‘lishi mumkin.

Bir muddat o‘tgach, qiz bolalar shoshilinch jarrohligi va travmatologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga yetkazilgan. Tekshiruvdan keyin shifokorlar unga "ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi" tashxisi qo‘yishgan.

Nashrda huquq-tartibot muassasalari xodimlari bilan suhbatda ta'kidlanishicha, Valentinaning hujumdan keyingi xatti-harakatlariga nisbatan ba'zi savollar paydo bo‘lgan: qizcha unga hujum qilganlarni ta'riflab bera olmagan va go‘yoki nimanidir yashirayotgandek ko‘ringan. Politsiyachilarning aytishicha, bosqinchilar qizni cho‘chitgan bo‘lishi mumkin.   

Bu orada ilmiy-tadqiqot instituti "R-Sport" nashriga erkak tomonidan urilgan qizcha keltirilganini ma'lum qilgan. Institutda qizning ismi aytilgan, biroq OAV haqidagi qonunga ko‘ra nashr uning ismini oshkor qilolmaydi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, gap 16 yoshli qiz haqida bormoqda. Biroq "Moskovskiy komsomolets" muxbirining aytishicha, Yemelyanenkoning jabrlangan qizi 9 yoshda.

Qayd etish kerakki, bu hodisa Yemelyanenko va Checheniston rahbari Ramzon Qodirov yaqin atrofidagilar o‘rtasida chiqqan nizo fonida yuz berdi. 5 oktabrda Yemelyanenko Grozniyda o‘tgan MMA musobaqasini tanqid ostiga olgandi. Sobiq jahon chempioni musobaqada yosh bolalarning ko‘rgazmali janglari haqiqiyga yaqin bo‘lgani, bolalarga himoyalovchi vositalar berilmaganini tanqid qilgandi va bunday janglarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgandi. Musobaqada jumladan Qodirovning 10, 9 va 8 yoshli 3 nafar o‘g‘li ham ishtirok etgan.

Yemelyanenkoning bu gaplari Qodirovning yaqinlari tomonidan haqoratdek qabul qilingan. Jumladan, uning amakivachchasi, Rossiya dumasi deputati Adam Delimxanov Yemelyanenkoga do‘q-po‘pisa qilgan. 

Qodirovning o‘zi 7 oktabrda Yemelyanenko o‘z xatosini anglaganini aytib, "rus bahodirini" haqorat qilmaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid