Jamiyat | 23:46 / 16.10.2016
10712
2 daqiqa o‘qiladi

Gonkongda tutqunlikda yashovchi eng qari panda uxlatish orqali hayotdan ketkazildi

Foto: sam tsang

Gonkongda 38 yoshli, tutqunlikda yashovchi dunyodagi eng qari panda uxlatish orqali hayotdan ketkazildi, deb yozmoqda South China Morning Post nashri.

Tszya Tszya laqabli bu pandaning salomatligi oxirgi 2 haftada keskin yomonlashgan, u kamroq ovqat yeb, vazn yo‘qota boshlagan. Panda asralgan bog‘ vakilining aytishicha, oxirgi kunlar u deyarli ovqat ham yemagan, suv ham ichmay qo‘ygan, 16 oktabr ertalab yurolmay qolgan. 

Bog‘ vakilining aytishicha, Tszya Tszyaga azob bermaslik uchun uni uxlatish orqali hayotdan ketkazishga qaror qilingan. Ta'kidlanishicha, odam hayotiga o‘girilganda u 114 yil umr ko‘rgan.

RTHK radiostansiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, panda avval yovvoyi tabiatda yashagan, biroq keyinroq Xitoyning Sichuan viloyatidagi pandalarni ko‘paytirish markaziga jo‘natilgan, u yerdan esa 1999 yilda sovg‘a sifatida Gonkong hukumatiga tuhfa qilingan.

Panda Xitoy ramzi hisoblanadi va Pekin diplomatiyasida alohida o‘rin tutadi. Bu jonzotlarning turli davlatlarga yuborilishi an'anaga aylangan va bu "pandalar diplomatiyasi" deb ham ataladi. "Sinxua" axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil oxirida Xitoyda yovvoyi tabiatda yashovchi 1864 ta panda borligi qayd qilingan..  

 

Mavzuga oid