O‘zbekiston | 10:56 / 23.10.2016
46168
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida 4ta tuman hokimi o‘zgardi

Foto: O‘zA

Sirdaryo viloyatining 4ta tumaniga va 2ta shahriga yangi hokimlar tayinlandi. 22 oktabr kuni Xalq deputatlari Guliston, Shirin shaharlari, Oqoltin, Sayxunobod, Sardoba, Sirdaryo tumanlari kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi sayti xabar bergan.

Sessiyalarda tashkiliy masalalar ko‘rilgan.

Deputatlar Sirdaryo viloyati hokimi Oybek Ashurmatovning tavsiyasiga ko‘ra, Guliston shahriga Sirdaryo viloyati hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Shuhratullayevich Ismatullayevni, Shirin shahriga “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati elektrostansiyalardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ilhomjon Mahmudjonovich Begaliyevni, Oqoltin tumaniga Jizzax viloyati Zomin tumani “Avtosanoat-agro-Jizzax” mas'uliyati cheklangan jamiyati raisi Hamraboy Rahimovich Razzoqovni, Sayxunobod tumaniga Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyevni, Sardoba tumaniga Sirdaryo viloyati prokuraturasi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i Shukurullo Xo‘jamqulovich Tursunovni, Sirdaryo tumaniga “Sirdaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti direktori Sobirjon Nazarovni hokim etib tasdiqladilar.

Sessiyalarda viloyat hokimi Oybek Ashurmatov tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ma'ruzalar qilgan.

Sessiyalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi Davron Abitovich Nazarmuhammedov qatnashdi va so‘zga chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, 1 oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurgandi.

Mavzuga oid