Dunyo milliarderlari ko‘chib borayotgan eng qulay davlat qaysi?
AQSh va Yevropadagi siyosiy hamda iqtisodiy beqarorlik fonida imkoni bor kishilar Tinch okeanining janubidagi kichik davlatga ko‘chib o‘tishmoqda.
Hongkonglik moliyachi Maykl Nok 2008 yilgi moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlaridan qochib, dunyoning bir chekkasidagi, odamlaridan sigirlari ko‘p bo‘lgan mo‘'jazgina mamlakatga e'tibor qaratgan.
Doric Capital Corp. asoschisi Nok Yangi Zelandiyadagi go‘zal maskan - Kuinstaunda qo‘nim topgan. O‘shandan buyon yetti yil o‘tdi, Yevropa va AQShdagi terrorchi tahdidlar va siyosiy beqarorlik badavlat kishilarni Tinch okeani janubidan boshpana izlashga majbur qilmoqda.
Yangi Zelandiyaning uzoqligi rossiyalik po‘lat magnati Aleksandr Abramov va Hollivud rejissyori Jyeyms Kemeron uchun o‘ziga xos ustunlikka ega bo‘ldi.
Maykl Nok aytganidek: “Yangi Zelandiyaga qarshi “ishlovchi” masofa hozirgi notinch dunyoda uning qadrini oshirmoqda”.
Nokning ikki gektarli ko‘chmas mulki Fransiyadagi maskanning sharafiga “Jiverni” (rassom Klod Monening uyi va bog‘i joylashgan joy), deb ataladi. Moliyachining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda “kulgili eski ferma” suv havzalari va eski daraxtlar bilan o‘ralgan. U omborxonani studiyaga aylantirgan – u yerdan shundoqqina Shotover daryosini ko‘rish mumkin.
Yangi Zelandiya maydoniga ko‘ra, Angliyadan ikki karra katta bo‘lsa-da, bu yerdagi aholi soni u yerdagidan ikki barobar kamdir. Mamlakat demokratiya rivoji, korrupsiyaning yo‘qligi va tinchliksevarligi bilan anchadan beri turmush sifati reytinglarida yetakchi o‘rinlardan birini egallab keladi. Uning YaIM 250 milliard Yangi Zelandiya dollarini (180 milliard AQSh dollari) tashkil qiladi. Mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi va turizm oldingi o‘rinlarni egallaydi. Yaqinda o‘tkazilgan HSBC Holdings Plc.so‘rovnomasiga ko‘ra, Yangi Zelandiya biznesni yo‘lga qo‘yish uchun dunyoning eng yaxshi mamlakati sifatida tan olindi.
Joriy yilda Yangi Zelandiyadagi turar-joylar narxi 12,7 foizga o‘sdi, eng yirik shahri Oklendda esa o‘rtacha narxlar 2007 yildan beri deyarli ikki barobarga oshdi va hozirda 1 milliondan ortiq Yangi Zelandiya dollarini tashkil qiladi.
New Zealand Herald’ning ma'lum qilishicha, aprel oyida Alibaba Group elektron savdo giganti Jyek Ma bosh vazir Jon Kiga “yurtingizda uy sotib olmoqchiman”, deb aytgan. Gazetada yozilishicha, Maning kamida 20 hamkasbi bu ishni amalga oshirib bo‘lgan.
Sobiq valyuta treyderi Ki Yangi Zelandiyani “oliftagarchiliksiz Angliya”, deya ta'riflagan. So‘nggi 17 yil davomida bu yerda atigi ikki marta rahbar o‘zgargan, terrorizmga o‘xshash yoqimsiz hodisa oxirgi marta 1985 yilda sodir bo‘lgan - o‘shanda ham fransuz razvedkasi agentlari Oklendda tabiatni muhofaza qiluvchi Grinpis tashkilotining kemasini portlatib yuborishgandi.
Aynan shu barqarorlik “Uzuklar hukmdori” va “Hobbit”dan keyin mashhur bo‘lib ketgan orolga Brexit tufayli ko‘chib kelayotgan muhojirlar e'tiborini qaratgan.
Migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Brexit’ning ertasigayoq Yangi Zelandiya mamlakatga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan 998 nafar Britaniya fuqarosining arizasini qabul qilgan, keyinchalik bu raqamlar 10 647 nafarga ko‘paygan.
Oklenddagi dunyoning eng yirik migratsion agentligi - Malcolm Pacific Immigration’ning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha direktori Devid Kuper shunday deydi:
“Agar dunyo jahannamga aylansa, Yangi Zelandiya sayyoradagi eng yaxshi joy bo‘lib qoladi. Odamlar xavfsiz joyda yashashni xohlaydi va shu bois bu yerga intilishmoqda”.
So‘nggi bir necha oy ichida Hillari Klinton va Donald Tramp o‘rtasidagi shiddatli kurash, shuningdek ommaviy joylarda otishmalarning ko‘payishi fonida Kuper AQSh fuqarolaridan kelib tushayotgan arizalarning keskin o‘sishini kuzatmoqda.
Internet-tadbirkor Kim Dotkom 31 oktabr kuni o‘zining tvitterida shunday yozuv qoldirgan:
“Dunyo yirik inqirozga yuz tutmoqda. Men uning yaqinlashayotganini ko‘rdim, shu bois biz Yangi Zelandiyaga ko‘chib o‘tdik. Endi biz uzoqdamiz va bizga hech kimning raketasi qaratilmagan”.
Germaniyada tavallud topgan Megaupload.com asoschisi 2010 yildayoq bu yerdan doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan, lekin hozir AQSh tomonidan kelib tushayotgan ekstraditsiya talablari bilan kurashmoqda.
Oklenddagi Graham Wall Real Estate Ltd ko‘chmas mulk savdosi agenti Olli Uollning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-York va Londonda ishlagan omadli yangi zelandiyaliklar ham oilalari bilan birga o‘z vatanlariga qaytishmoqda. 2013 yilda firma Yangi Zelandiyadagi eng qimmat bitimni imzoladi – Oklend yaqinidagi yetti yotoqxonaga ega hashamatli uy kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan ishbilarmonga 39 million Yangi Zelandiya dollariga sotilgan. Uoll shunday deydi:
“Dunyo toraydi. Endilikda transmilliy korporatsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri jannatdan boshqarish mumkin!”
Fidelity National Financial Inc direktorlar kengashi raisi Billu Foli Vellington shimolidagi Vayrarapa hududidagi hashamatli qarorgohda istiqomat qiladi. Nyu-Yorkning Tiger Management LLC direktorlar kengashi raisi Julian Robertson esa Kuinstaun yaqinidagi ikki eng nufuzli golf maydoni va ajoyib dala hovliga ega. U “Yangi Zelandiya – Yer sharidagi eng chiroyli joy” ekanligini ta'kidlaydi.
Facebook investori, PayPal hammuassisi va milliarder Piter Til 2011 yilda Yangi Zelandiyani utopiya, deya ta'riflagan va ma'lumotlarga ko‘ra, Oklend va Kuinstaundan turar-joy xarid qilgan.
Yangi Zelandiya badavlat kishilarni faol jalb qilib kelmoqda. Agar uch yil davomida muhojir mamlakat iqtisodiyotiga 10 million Yangi Zelandiya dollarini kiritgan hamda so‘nggi ikki yilda 44 kun vaqtini orolda o‘tkazgan bo‘lsa, u bu yerdan doimiy turar-joyga da'vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi. Bunday investor ingliz tilida gapirishga majbur emas, malaka davri tugagandan keyin esa u mamlakatda yashashi va soliq rezidenti bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
14:26
Yangi Zelandiyada maori deputatlari bahsli qonun loyihasiga norozilik bildirib, majlisda raqsga tushdi
20:12 / 29.10.2024
TikTok asoschisi Xitoyning eng badavlat insoniga aylandi
00:08 / 20.10.2024
Yangi Zelandiya aeroportida yo‘lovchilar va ularni kuzatgani chiqqanlarga 3 daqiqadan ortiq quchoqlashish taqiqlandi
01:09 / 10.10.2024