O‘zbekiston | 16:51 / 14.11.2016
6517
4 daqiqa o‘qiladi

Xatamjon Ketmonov ekologik toza veloyo‘laklar qurish taklifi bilan chiqdi

Foto: O‘zXDP matbuot xizmati

2016 yil 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Camarqand viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston XDP MK Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv Samarqand viloyat hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Onlayn video-konferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvda, viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar tadbirning bevosita ishtirokchisi bo‘ldilar.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘appor Qirg‘izboyev ochdi va olib bordi.

Dastlab, nomzodning ishonchli vakili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sahobiddin Arziqulov, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so‘ng,  so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Shundan so‘ng nomzod, o‘z Saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. 

Jumladan, nomzod o‘z dasturida ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o‘sishi inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lmasligini ta'minlash, uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta'minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning bir qismini turar joy fondini shakllantirishga yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish masalalariga e'tiborni kuchaytirish haqida to‘xtaldi.

Shuningdek, mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko‘payib borayotganligi natijasida yo‘llar, katta shaharlarning ko‘chalarida tirbandliklar vujudga kelishiga barham berish maqsadida tegishli infratuzilmani doimiy takomillashtirib borish, piyodalar yo‘laklarini kapital ta'mirlash, ekologik toza, sog‘lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo‘laklarni qurish zarurligini ta'kidladi.

Nomzod dasturi bilan saylovchilarni tanishtirar ekan, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, yetakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a'zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta'minlanishi masalalarida biznes mas'uliyatini oshirish lozimligi va bu vazifani ro‘yobga chiqarishda “Kuchli ijtimoiy himoya – asosiy maqsadimiz!” shioriga tayanilishi haqida so‘z bordi.

Shundan so‘ng asosiy ma'ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so‘zga chiqdilar. 

Ular o‘z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta'minlashni o‘z ichiga oladigan inklyuziv ta'lim tizimini yanada rivojlantirish va soha o‘qituvchilariga imtiyozlar berish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, pedagogik ma'lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta'lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslarini yaratish masalasini qo‘llab-quvvatladilar. 

Shundan so‘ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Manba: www.ndp.uz

Mavzuga oid