Fan-texnika | 16:18 / 19.11.2016
9625
2 daqiqa o‘qiladi

Audi konveyer texnologiyasini yo‘q qilmoqchi

Germaniyaning Audi kompaniyasi avtomobillarni yig‘ishning umuman yangi usulini joriy qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Kompaniya matbuot xizmati xabar qilishicha, kelajakda aqlli zavodlar paydo bo‘ladi. Ishlab chiqarish avtomobillar elementlarini ko‘chirish uchun maxsus ishlab chiqilgan robotlar ishtirokida bir nechta alohida seksiyalarda amalga oshiriladi. 

Hozirda, aksariyat korxonalarda uzun yig‘uv liniyalari joriy etilgan. Ularda avtomobillarga navbati bilan u yoki bu tarkibiy qism o‘rnatiladi. Konveyyerlar deyarli to‘xtamagani uchun ishchilardan imkon qadar tez harakat qilishni talab qiladi. Biror bosqichdagi ishchi xato qilgudek bo‘lsa, deyarli butun bir zavodni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. 

Audi taklif qilayotgan usulda yig‘ish jarayoni alohida tashkil etiladi. O‘zi harakatlanuvchi robotlar mashina qismlarini tashish bilan shug‘ullanadi. Shunga ko‘ra, ishchilarga konveyer tezligiga moslashish talab qilinmaydi. 

Kompaniyaga ko‘ra, bu kabi «aqlli» zavodlar vositasida bir nechta muammoni hal qilish mumkin. Masalan, biror xato ro‘y berganda ishlab chiqarishni to‘xtatishga to‘g‘ri kelmasligidan tashqari, bir zavodning o‘zida turli avtomobillarni ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Bular xoh ixcham elektromobillar bo‘lsin, xoh yo‘ltanlamaslar. 

Bundan tashqari, alohida seksiyalarda ishlash uchun konveyerlarga qaraganda kamroq talab etiladi. Shu bilan birga, loyiha mualliflariga ko‘ra, yig‘ish tezligi ham oshadi. 

Bu g‘oyaning amalga oshishi uchun 10 yilga yaqin vaqt ketishi taxmin qilinmoqda. 

Mavzuga oid