Kawasaki mototsikllari uchun “sun'iy aql” ishlab chiqmoqda
Ovoz yordamchilari faqat qimmatbaho avtomobillarga o‘rnatiladi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Endilikda, ularni mototsikllarga ham o‘rnatish mumkin. Aniqrog‘i, Yaponiyaning dunyoga mashhur Kawasaki Heavy Industries kompaniyasi rahbariyati shunday fikrda. Bugungi kunda kompaniya sanoat robotlari, gidrosikllar, traktorlar, poyezdlar va hatto samolyotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa-da, uning mahsulotlari orasida Kawasaki mototsikllari muhim o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, taxmin qilish mumkinki, yangi avlod mototsikllari «Temir odam» filmidagi JARVIS kabi “sun'iy aql”ga ham ega bo‘lishi ehtimol.
Motosiklga sun'iy aqlning nima keragi bor, dersiz. Shoshmang, axir bularning hammasi mototsikl haydovchisining xavfsizligi uchun qilinmoqda. Ko‘pgina baykerlar oddiygina xavfsizlik qoidalarini mensimaydi yoki shunchaki rioya qilishni istamaydi, deyilsa, ko‘pchilik qo‘shilsa kerak. Tezlik cheklovlari va tartibi borasida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Aynan mana shu borada, “sun'iy aql” insonga qo‘l kelishi kerak. U mototsikl egasini, tezlikni haddan tashqari oshirish oqibatlari qanday bo‘lishini u tushunadigan usulda ogohlantiradi. Agar sun'iy aql, o‘z ogohlantirishlari ish bermayotganini tushunib yetsa, ayyorlikka o‘tib, baykerga farzandining tavallud kuni yaqinlashayotganini xotirlatadi va shu bilan oilasini yodga soladi hamda hayotini xavf ostiga qo‘yish harakatidan voz kechishga undaydi.
Kawasaki muhandis va dasturchilari shu usul yordamida bayker bilan uning “temir oti” o‘rtasida o‘zaro “muloqot”ni ta'minlash niyatida. Tizim, hozircha, «Emotion Generation Engine and Natural Language Dialogue» ishchi nomi bilan atalgan bo‘lib, uni ishlab chiqishda SoftBank guruhi tarkibiga kiruvchi Cocoro SB Corp. mutaxassislari yordam bermoqda.
Umuman,” sun'iy aql” mototsikl egasi bilan muomalada “o‘z shaxsiyati”ni barpo etadi. Shunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari ham hozirda, ularning mahsuloti alaloqibat o‘zini qanday tutishi borasida aniq fikrni bildirolmaydi. Biroq, ular bir narsaga yuz foiz kafolat berishmoqda: “sun'iy aql” bayker asabiylashgan yoki xavfli kayfiyatga tushib qolayotganini sezsa, uning eng qimmat narsasi, hayotini saqlab qolish uchun chora ko‘radi. Axir, hayot insonga bir marta berilgan ilohiy in'om emasmi?!
Mavzuga oid
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
19:55 / 11.11.2024
Yaponiyada Ishiba hukumatining yangi tarkibi tasdiqlandi
17:59 / 11.11.2024