O‘zbekiston | 07:57 / 22.11.2016
82006
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: “Sharof Rashidovni ko‘klarga ko‘targan, o‘limidan so‘ng uni qoralagan tuzum adolatli edimi?”

Foto: uzlidep.uz

Shu yilning 18 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi saylovoldi kampaniyasi doirasida O‘zLiDep partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati saylovchilari bilan muloqot o‘tkazgan edi. 

Nomzod videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘z dasturi haqida ma'ruza qilib, Prezident sifatida saylansa nimalarga e'tibor berishi haqida g‘oyalarini ilgari surdi. 

O‘zLiDep nomzodi “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik” naqliga amal qilgan holda, sobiq Ittifoq tuzumida O‘zbekistonda ko‘pchilik olimu-fuzalolar, yurtning eng sara farzandlari, davlat arboblariga nisbatan garchi ular o‘zlari yashagan tuzumga xizmat qilgan bo‘lsa-da, ularga nisbatan adolatsizlik qilingani haqida kuyunchaklik bilan so‘z yuritdi. 

Xususan, shunday tarixiy shaxslardan biri Sharof Rashidov bo‘lib, u o‘z xalqiga va sobiq tuzumga sadoqat bilan xizmat qilganiga qaramay, vafot etganidan so‘ng, uning qabri ko‘chirilgani, xotirasi behurmat qilingani, oila a'zolari tahqirlanganini ta'kidladi. 

Prezidentlikka nomzod, o‘z ma'ruzasida, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov sa'y-harakatlari bilan, yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov nomi oqlanganini qayd etib, kelgusi yilda Sharof Rashidovning tavalludiga yuz yil to‘lishini xotirladi. 

Shu munosabat bilan, nomzodning taklif qilishicha, o‘zbek xalqining fidoyi farzandi Sharof Rashidov tavalludini butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosda nishonlash, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzax tumaniga uning nomini berish va yodgorlik majmuasi barpo etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Mavzuga oid