O‘zbekiston | 17:58 / 21.05.2025
9239
8 daqiqa o‘qiladi

Traktordan “Kamaz”gacha: Jizzaxda odamlar kutilmagan usulda chuv tushirib ketilmoqda

26 yoshli yigit OLX platformasi orqali eski yuk mashinalarini topib, oldindan 5-10 mln so‘m bergan holda nasiyaga sotib olgan. So‘ngra ularni metallolomga topshirib, pullab yuborgan. Guvohlar bu uyushgan guruh ekanini, jabrlanganlar soni ko‘pligini aytmoqda. “Jizzax viloyati prokuroriga kirib holatni bildirdim, pinagini ham buzmadi”, deydi jinoyatga guvoh bo‘lgan taksi haydovchisi. Aldanganlar prokuratura va IIBning harakatsizligidan norozi.

Jizzax viloyatida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan Shohrux Abdunazarov ko‘plab odamlarni hech kim kutmagan usulda chuv tushirib ketgan. Bu haqda Kun.uz’ga ushbu shaxsdan jabrlangan bir nechta fuqaro ma’lum qildi. Ular prokuratura va IIBga qilingan murojaatlardan ish chiqmayotganini aytmoqda.

Metallolom “biznesi”

Bu firibgarlik ishi sotuvga qo‘yilgan og‘ir vaznli transport vositalari bilan bog‘liq. Respublikaning turli hududlarida yashovchi fuqarolar OLX platformasiga transport vositasini sotish bo‘yicha e’lon joylashtirgan. Ushbu e’lonlar orqali xaridor sifatida kelgan Shohrux Abdunazarov savdolashib, dastlabki to‘lov sifatida ma’lum miqdorda pul to‘lagan. To‘lovning qolgan qismini keyinroq keltirib berish haqida tilxat yozib bergan.

Nasiya savdoga transport vositasi egalari ham ko‘ngan. Chunki sotuvga qo‘yilgan transport vositalarining aksariyati eski, ayrimlari hatto yaroqsiz holda bo‘lgan. Bunday eski transportlarga ha deganda xaridor topilavermasligi aniq.

Shohrux Abdunazarov shu tariqa qo‘lga kiritgan traktor va “gruzovik”larni olib ketib, metallolomga pullab yuboravergan. Ularning egalariga esa va’da qilingan paytda pullarni to‘lamagan.

Traktordan “Kamaz”gacha bor

Shohrux Abdunazarovga aldanganlarning aksariyati Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatidan bo‘lgan. Ularning ayrimlari chuv tushganini bilgach, xaridorni izlab borishgan. Biroq natija chiqmagan.

Samarqand viloyatining Urgut tumanidanman. Shohrux Abdunazarov 2025 yil 2 mart kuni mendan “Kamaz” olib ketgan. 55 mln so‘mga savdo qilgandik. Oldindan 5 mln so‘m bergan va qolgan pulni 29 mart kuniga qadar keltirib berishini aytgan. O‘zi kelishuv bo‘yicha oldindan 10 mln so‘m berishi kerak edi, ammo 5 mln so‘m berib, yana 5 mln so‘mni bank kartamga o‘tkazib yuborishini aytib ketgan.

Ammo shu bilan yo‘q bo‘lib qoldi. Uni izlab bordim. Bilsam “Kamaz”ni metallolomga topshirib, sotib yuborgan ekan. Shohrux Abdunazarov yashaydigan mahalla profilaktika inspektori menga o‘zingiz yashaydigan tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiling, dedi. Shunday qildim, 3-4 marta chaqirishdi, qidirilmoqda, topsak qo‘ng‘iroq qilamiz, deyishdi. Ammo hali jim”, deydi o‘zini Orif deb tanishtirgan jabrlanuvchilardan biri.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashayman. Mendan 2025 yil 30 yanvar kuni yuk mashinasini olib ketgan. 5 ming AQSh dollariga kelishganmiz. Oldindan 1000 dollarini berib, qolganini 25 fevralgacha berishini aytgan. Tilxat yozib bergan. Ammo yo‘q bo‘lib qoldi.

Aldab ketganini bilib, 26 fevral kuni IIBga ariza yozganman. Ammo natija bo‘lmadi. So‘ngra Jizzax viloyati prokuraturasiga ariza bilan murojaat qildim. Javob xati kelavermagach izlab borsam, arizamni Sharof Rashidov tumani prokuraturasiga o‘tkazib yuborishganini aytishdi. U yerga borsam Sharof Rashidov tumani IIBga jo‘natishganini bildirishdi. IIBda esa arizam ularga hali yetib bormaganini aytishdi”, deya ta’kidlaydi Olim ismli yana bir jabrlanuvchi.

Ushbu jabrlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, uni may oyi boshida Sharof Rashidov tumani prokurorining Bobur ismli o‘rinbosari qabul qilgan va holat yuzasidan chora ko‘rilishini aytgan. Biroq oradan 20 kun o‘tganiga qaramay biror harakat bo‘lmagan.

G‘allaorol tumanida yashovchi yana bir jabrlanuvchi Elmurod Xolbo‘tayev esa 2025 yil 2 may kuni Shohruxga “ZIL” mashinasini 37 mln so‘mga sotganini, u dastlabki to‘lov sifatida 2 mln so‘m berib, qolganini 10 kunda berishini aytib ketganini bildiradi. Ammo Shohrux Abdunazarov ushbu fuqaroga ham kelishuv bo‘yicha aytilgan vaqtida qolgan summani to‘lab bermagan.

Shohrux Abdunazarov va’da qilingan muddat tugagach pulini so‘ray boshlagan jabrlanuvchilarni goh singlimni mashina urib ketdi, goh ukam Rossiyada qamalib qoldi, degan turli bahonalar bilan aldab yuravergan.

Prokuror pinagini ham buzmadi”

Shohrux Abdunazarovni kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi Tolibjon Xolmamatov ismli yigit 3-4 joyga olib borgan. Kun.uz ushbu fuqaro bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Tolibjon Xolmamatovning ta’kidlashicha, ushbu ishlarni Shohrux Abdunazarovning o‘zi yolg‘iz qilmaydi. Uning yonida Alisher va Erkin ismli sheriklari ham bor.

“Men taksist sifatida aytgan joyiga olib borganman va xizmat haqimni olganman. Ammo ular bunaqa ish qilishlarini bilmagandim. 3-4 joyga olib borganimdan so‘ng sezib qoldim.

Ular 3 kishi. Bittasi telefonda OLX platformasini kuzatib o‘tiradi va “yuk” topadi. Masalan, bitta “ZIL” sotuvga qo‘yilgan va narxi 40 mln so‘m. O‘shanga qo‘ng‘iroq qiladi va “variantga” berasizmi, deb so‘raydi. Mashina turiga, ya’ni katta-kichikligiga qarab dastlabki to‘lov sifatida 5 yoki 10 mln so‘m taklif qiladi.

Ikkinchi odam pul tikadi. Ya’ni o‘sha dastlabki to‘lov pulini beradi. Keyin Shohrux boradi va mashina egasini “fermerman, dala ishlarini qilaman” kabi gaplar bilan aldaydi. So‘ngra kelishilgan dastlabki to‘lovni berib, qolganini 10-15 kun yoki 1 oyda berishini aytadi. Tilxat yozib beradi, videoga olib qolishi mumkinligini aytadi. Agar yuradigan mashina bo‘lsa, bitta haydovchi topib, olib ketadi.

Mashinalarni Jizzaxda 2 ta joyga topshiradi: G‘allaoroldagi metallolom sotib oladigan joyga va Jazzaxning o‘zidagi “chermet”ga. Transport vositasi necha tonna chiqsa, “metallolom” narxida sotib yuboradi, bo‘ldi. Mening eshitishim bo‘yicha 70-80 ta epizod bo‘lgan bularda”, deydi Tolibjon Xolmamatov.

Taksistga ko‘ra, u mijozlarining qilib yurgan ishidan xabar topgach Jizzax viloyati prokurori qabuliga borib, holatni aytgan. “Prokurorning oldiga kirdim, o‘zimizda, viloyatnikiga. Pinagini ham buzgani yo‘q. O‘rinbosariga uchrashtirib yubordi. Jiddiy qaramadi”, deydi u.

Qo‘llovmi yoki o‘ylov?

Aldanganlar bor, aldaganlar bor, transport vositalari olib borib topshirilgan joy ham aniq. Ammo tegishli organlar murojaat bo‘lsa-da, Shohruh Abdunazarov va uning sheriklari harakatiga huquqiy baho bermagan, ishni paysalga solib kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatsizligi uyushgan guruh uchun go‘yoki qo‘llov bo‘lmoqda. Aldanganlarning ta’kidlashicha, guruh ayni kunlarda ham faoliyat yurityapti. Shohrux Abdunazarov chuv tushganlarni “qora ro‘yxat”ga qo‘shib qo‘yish orqali ular bilan aloqani uzgan. Guruh faoliyatiga tezroq chek qo‘yilmas ekan, jabrlanuvchilar soni yanada ortishi mumkin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz 

Mavzuga oid