O‘zbekiston | 17:46 / 24.11.2016
6715
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda innovatsion loyihalar uchun 15 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi

Davlat byudjyeti masalasi bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyasi o‘z takliflarini ilgari surishdi.

24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining quyi palatadagi fraksiyasi a'zolari mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarini ta'minlash, shuningdek, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar olib borilayotganligini alohida ta'kidladi.

Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mikrofirma va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari o‘sdi va o‘z navbatida ular tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi miqdorining oshishiga zamin yaratildi. Mazkur daromad turi bo‘yicha tushumlar 1 trillion so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga o‘sgani e'tirof etildi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yuqori natijalarini alohida e'tirof etdi.

Shuningdek, fraksiya a'zolari tomonidan respublika byudjyetidan mahalliy byudjyetlarga ajratiladigan subventsiya ulushi 2015 yilning mos davriga nisbatan 2,5 bandga kamayganligi hamda mamlakatimizning turli hududlaridagi 14 ta tuman va shaharlar subventsiyadan chiqarilganligi partiyaning iqtisodiy sohadagi mamlakatimiz hududlarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirish, mahalliy byudjyetlar daromadlar bazasini mustahkamlash kabi vazifalariga to‘la mos kelayotganligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar majlis ishtirokchilarining diqqatini aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturining amalga oshirilishiga qaratdi.

Xususan, ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar hajmi yildan-yilga oshib, joriy yil 9 oyida Davlat byudjyeti mablag‘larining qariyb 60 foizi yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ta'lim tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, ta'lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga alohida e'tibor qaratdi.

Xususan, ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-texnika loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan 92,4 milliard so‘m, innovatsion loyihalarga 15,7 milliard so‘m mablag‘lar mamlakatimizning ilmiy, ilmiy-texnik salohiyatini yanada rivojlantirishda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a'zolari ta'kidladilarki, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ekologik bar­qarorlikni ta'minlash, aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy hamda toza texnologiyalarning keng joriy etilishiga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yilning 9 oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

Mavzuga oid