Video: Remsi Kavanining tegmagan zarbasidan "og‘riq" his qildi
«Arsenal» jamoasi yarim himoyachisi Aaron Remsi PSJ hujumchisi Edinson Kavani bilan munozara vaqtida uning musht bilan bergan zarbasi yuziga tegmasada, yuzini ushlab joni og‘riyotgandek shikoyat qildi.
Bu holat tasvirlangan videoda urugvaylik hujumchining mushti Remsining ko‘kragi bo‘ylab sirg‘anganini, uelslik futbolchi esa aktyorlik mahoratini ishga solganini ko‘rish mumkin.
O‘yin hakami birinchi bo‘lim yakunidagi bu holatga e'tibor qaratmagan va futbolchilarga jazo qo‘llamagan.
Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi, ayni vaqtda «Bi-Bi-Si» telekanalida ekspert sifatida ishlayotgan Gari Lineker uelslik futbolchining harakatlarini tanqid qilgan.
«Senmisan bu? Jiddiymi, Aaron?», — deya yozgan u o‘z tvitterida.
Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turi doirasidagi «Arsenal» va PSJ uchrashuvi 2:2 hisobida yakunlangandi. O‘yindagi birinchi golni Kavani urgan. Ikki jamoa ham guruhdan chiqish masalasini hal etib bo‘lgan.