Jahon | 09:32 / 29.11.2016
6489
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev nima uchun Qozog‘istonga yosh vazirlar zarurligi sababini tushuntirdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiyaning "Rossiya 24" telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘istondagi yosh vazirlar haqida so‘zlab berdi. Prezidentdan uning safdoshlari orasida nima uchun yoshlar ko‘pligi hamda amaldorlar o‘rtasida borgan sari yoshlar ko‘payotgani so‘raldi. 

"Hozir vaqt kelajak tomon uchmoqda, biz vaqt, ilmiy ixtirolar, taraqqiyot, yangi texnologiyalar, yangi sanoatlashuv ortidan ulgura olmayapmiz. Agar bizda bilimli odamlar bo‘lmasa, bularni kim qiladi? Shuning uchun, qiyinchilarga qaramasdan, men yoshlarimizni butun dunyoda o‘qitishga harakat qildim. Biz yoshlarga 1993 yildan boshlab davlat stipendiyalari bera boshlaganmiz, 22 yil yoshlarni xorijga o‘qishga jo‘natganmiz, ulardan o‘n minglari qaytmoqda. Bundan tashqari, universitetlarimiz darajasi ko‘tarildi. Misol uchun, Nazarboyev universitet bu jahon darajasidir", deb aytdi Nazarboyev.  

"Hozir bu yoshlar hukumatda o‘tiribdilar. Qarang bizda 35-36 yoshli bir necha nafar vazir bor, ular ishlarini me'yorida uddalamoqdalar. Ularning barchasi maktabdan o‘tib bo‘lgan. Hukumatda boshqaruv personali negizini 35-45 yoshlilar tashkil qilmoqda. Fikrimcha, biz turg‘unlik davrini takrorlashimiz kerak emas. Qozog‘istonni olg‘a intiltiradigan yoshlarni yaxshi tayyorlashimiz kerak", deb ta'kidlab o‘tdi Nazarboyev.

"Eng asosiysi – odamlarni tanlashda qiyinchilik va xatolar yuz beradi. Biror odamni topib, uni muvaffaqiyat keltira oladigan biror sohaga qo‘yish murakkab ishdir. Bir odam bu joyga mos, boshqasi boshqa joyga va hokazo. Odamlarni topish har doim murakkab bo‘lgan", deb aytdi Qozog‘iston prezidenti.

"Qozog‘istonni bilimli yoshlar oldinga olib borishi kerak. Bizda maktablarda uchta tilda majburiy ta'lim joriy qilingan: qozoq tili, ingliz va rus tillari. Yuqori sinflarda matematika, fizika, kimyo kabi fanlar ingliz tilida olib boriladi, universitetlar ham ingliz tiliga o‘tmoqda. Bu zamon talabi, bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Agar ilmiy ixtirolarni birinchi manbalardan bilishni, ilmiy maqolalarni o‘qishni istasak, unda ingliz tilini bilishimiz kerak. Rus tili orqali qozoqlar ilm, madaniyat olamiga kirganlar, bilimli bo‘lganlar", deb qo‘shimcha qildi Nazarboyev.  

 

Mavzuga oid