O‘zbekiston | 06:29 / 04.12.2016
16577
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylov uchastkalari ochilib, prezident saylovida ovoz berish boshlandi

Foto: Uzlife

Bugun, 2016 yil 4 dekabr Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugidagi 9 ming 383 saylov uchastkasi ochildi.

Saylov uchastkalarida O‘zbekiston Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovida to‘rt nomzod – O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Sarvar Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xatamjon Ketmonov, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ishtirok etmoqda.

Saylovda 21,4 milliondan ortiq fuqarolar ishtirok etish huquqiga ega. Oliy ta'lim muassasalari talabalariga saylovda qatnashish imkoniga ega bo‘lishi uchun 1-5 dekabr kunlarida ta'til berilgan. Bu ta'til orqali talabalar o‘zlari istiqomat qiladigan viloyatlarda ovoz berishi ta'minlandi.

Toshkent shahri ma'muriyati saylov kuni jamoat transportini aholi uchun bepul qildi. Avtobuslar va metropoliten saylov uchastkalari ochilishiga bir soat qolganida, Toshkent vaqti bilan soat 05.00da ish boshladi.

Dastlabki natijalar dushanba kuni tongidayoq ma'lum bo‘lishi mumkin.

Kun.uz muxbirlarining voqea joyidan ma'lum qilishicha, Toshkent shahridagi  odamlar saylov uchastkalarida to‘plana boshlagan. Bugun Toshkentda harorat iliq (+12 daraja atrofida). Hali ko‘chalarda g‘ira-shira bo‘lsada, ko‘chalarda avtomobillar gavjumlashgan.

Adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida har bir saylov uchastkasi nogironlar aravachalari uchun alohida pandus bilan jihozlandi.

Bundan tashqari, kabinalarning biri nogironlarning ovoz berishi uchun mo‘ljallangan. Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha risolalar hamda ilk marta ular uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlangan.

– Men o‘zimning konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib, yurt kelajagi uchun jon kuydiradigan, yoshlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan nomzodga ovoz berdim, – deydi Kamola Normatova. – Saylovga tayyorgarlik jarayonida o‘tkazilgan seminar va uchrashuvlarda huquqiy bilimimizni oshirdik. Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning tarjimai holi, saylovoldi dasturi bilan tanishib, ularning eng munosibini tanlash imkoniga ega bo‘ldik.

O‘zbekiston Prezidenti saylovini 44 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari kuzatmoqda.

Shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 dan ortiq vakili yoritib bormoqda.

Mavzuga oid