O‘zbekiston | 15:52 / 20.12.2016
137543
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Matlubov rahbarlik lavozimiga qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari, general-leytenant Bahodir Matlubov davlat xizmatiga qaytdi. Kun nashrining manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Bahodir Ahmedovich endilikda IIV Akademiyasi rahbarligiga tayinlangan.

U bu lavozimda general-mayor Ikromov Shavkatni almashtirdi.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Matlubov 2006 yil yanvaridan 2013 yilning dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini boshqargan. U 2013 yilning 15 dekabrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoni asosida ishdan olingandi va uning o‘rniga Adham Ahmedboyev tayinlangandi.

Bahodir Ahmedovich Matlubov 1952 yilning 10 mart kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan.

U 1973 yilda Samarqand Davlat universitetining ximiya fakultetini tamomlagan va ichki ishlar organlari sohasida faoliyat boshlagan. U 1978-1983 yillarda Samarqand Davlat universitetining yuridik fakultetida va parallel ravishda militsiya akademiyasida o‘qiydi.

Mehnat faoliyati:
1973 - 1978 – Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining jinoiy-qidiruv bo‘limi katta maxfiy agenti.
1978 - 1983 – Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
1983 - 1989 - Samarqand viloyati Siyob tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i.
1989 - 1990 -Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
1990 - 1994 - Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i.
1994 - 1997 - Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i.
1997 - 2004 - O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari.
2004 - 2006 - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi.
2006 - 2013 - O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri.
2013 yilning 14 dekabridan nafaqada.
2001 yilda general-leytenant unvonini olgan. "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi. 
2004-2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi.

Mavzuga oid