Iqtisodiyot | 12:00 / 23.12.2016
13229
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: 2017 yilda yuanning dollarga nisbatan kursi tushib ketishi mumkin

Foto: Google image

Xitoy xalq respublikasi milliy valyutasi jenminbi (yuan)ning AQSh valyutasi dollarga nisbatan yangi 2017 yildagi kursi bir dollarga 7-7,5 yuan atrofida bo‘lishi mumkin. Ammo, "Xuantsyu shibao" nashrining yozishicha, ayrim ekspertlar boshqacha raqamlarni bildirishmoqda. 

"Joriy yilda yuanning dollarga nisbatan qadrsizlanishi sezilarli bo‘ldi", - degan Shanxay moliya va iqtisodiyot universiteti professori Si Tszyunyan.

"Yuan kursining dollarga nisbatan pasayishi mamlakat tashqarisiga olib chiqilayotgan sarmoya miqdoriga bog‘liq", - deb hisoblaydi Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi xalqaro moliya tadqiqotlar markazi direktori Chjou Yuy. "2016 yil boshida sarmoyalar chiqib ketishi o‘sdi, bu esa, almashuv kursining keskin pasayishiga olib keldi", - degan Yuy. Uning qayd etishicha, hukumat valyuta zaxiralarining kamayishi bilan milliy valyuta kursini shakllantirish jarayonidagi ishtirokini qisqartiradi va bu vazifani bozorga topshiradi. 

O‘z navbatida Merchants Securities katta tahlilchisi Lyu Dunlyanga ko‘ra, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan yuritiladigan siyosat ham Xitoy valyutasining qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi. "Agar Donald Tramp proteksionizm siyosatini davom ettirsa, Xitoy hukumati yuan kursining biroz pasayishiga yo‘l qo‘yishi mumkin", - deya taxmin qilgan tahlilchi. 

Ushbu jihatlar e'tiborga olinsa, yuanning 2017 yilgi dollarga nisbatan kursi bir dollarga 7-7,5 jenminbini tashkil etishi mumkin, deb hisoblaydi Chjou Yuy. 
Biroq, Lyu Dunlyan bu raqam bir dollarga 7,1 - 7,15 yuan bo‘lishini aytmoqda. 

 

Mavzuga oid