Toshkentdagi elektr ta'minotidagi uzilishlar Kun.uz faoliyatiga ham ta'sir ko‘rsatdi
Bugungi kunda hayotimizda juda ham ko‘plab o‘zgarishlar, yangilanishlar sodir bo‘lmoqda. Fuqarolar manfaati ko‘zlangan ko‘plab qonunlar qabul qilinishi davom etmoqda.
Biroq, ayni kundagi ba'zi bir mansabdor shaxslarning loqaydligi kishini hayron qoldiradi. Xususan, 27 dekabr kuni Kun.uz sayti bir necha bor ishlamay qoldi. Bunga elektr ta'minotidagi uzilishlar sabab bo‘ldi.
Tahririyatimiz bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Natijada sansalorlikka duch kelindi – ya'ni bir amaldor shaxsga qo‘ng‘iroq qilsak, u boshqa birini bizga ro‘kach qilishdan bo‘shamadi. Yakunda tashkilotning mas'ul shaxslaridan biri bizga bir soat ichida hammasi izga tushishi borasida va'da berdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrining Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi ba'zi bir mavzelarda elektr ta'minoti bir necha soat davomida bo‘lmagan. Bu holat oddiy fuqarolarga naqadar qiyinchilik tug‘dirishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Eng qiziq tomoni shundaki, bu holatlarga o‘zimiz ham ko‘nikib qoldik.
Ushbu masala yuzasidan biz bog‘langan mutasaddi tashkilotdagi telefon operatori Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi elektr nimstansiyalaridan birida avariya bo‘lgani haqida xabar berdi. Texnika bilan bog‘liq vaziyatlarda turli kutilmagan holatlar yuz berishi tabiiy hol. Ammo so‘nggi vaqtlarda shu avariyalar soni haddan tashqari ortib ketmadimikan?
Bundan tashqari, biz bilan aloqaga chiqqan operatorning ta'kidlashicha, Toshkent shahrining har bir tumanida qishki kunlarda bir haftada ikki bora ikki soatga elektr ta'minotini o‘chirib qo‘yishga ham buyruq berilgan ekan.
Albatta, ish bor joyda kamchilik ham bo‘lishi tabiiy bir hol. Ammo hamma rahbar kadrlar ham murojaatlarga quloq tutib, uni tezkorlik bilan bartaraf etishi shart. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida aholi murojaatlari bilan ishlashda sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish zarurligi ta'kidlandi. Bu borada birinchi navbatda rahbarlar – bu vazirlik va idoralar rahbarlari bo‘ladimi, viloyat, shahar, tuman hokimlari bo‘ladimi – barchasi o‘z zimmasiga katta mas'uliyat yuklatilganini unutmasligi lozim.
Davlatimiz rahbari 2017 yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilingani munosabati bilan bu borada mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari oldida turgan vazifalarga alohida e'tibor qaratdi. Rahbarlarning xalq ichiga kirib, aholi bilan samimiy muloqot qilishi, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarga yechim topishi xalqimizning davlatdan rozi bo‘lishi va turmushi farovonligiga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, har bir mansabdor shaxs o‘ziga kelib tushayotgan aholi murojaatlarini sinchkovlik va jiddiylik bilan qabul qilib olishi va hamda ular yuzasidan amaliy ishlarni bajarishi shart.
P.S. Kun.uz tahririyati elektr ta'minotidagi uzilishlar faqatgina o‘zining faoliyatiga salbiy ta'sir etgani uchungina bu mavzuni ko‘tarmadi. Bizning maqsad – mansabdor shaxslarning mas'uliyatini yanada oshirishga chaqirishdan iboratdir.
Mavzuga oid
11:34
Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payayotgani aytildi
20:02 / 18.11.2024
Angliyaga pul evaziga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
17:10 / 18.11.2024
Toshkentda Askiya bozori joylashgan yer investorga beriladi
09:10 / 15.11.2024