O‘zbekiston | 12:20 / 29.12.2016
111433
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov: O‘zbekistonning foydasi uchun hamma narsaga tayyorman (video)

Alisher Usmonov O‘zbekistonga foydasi tegishi uchun hamma narsaga tayyor ekanini bildirdi, shuningdek u mamlakatdagi loyihalarni investitsiyalash va xayriya fondlarini ochish istagi bilan bo‘lishdi. Bu haqida u "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi

Alisher Usmonovga yaqindagina yurtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti saylovlari, yangi hukumatning mamlakat iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotida qanday aks etishi mumkinligiga doir savol bilan murojaat qilindi. 

"O‘ylaymanki, juda ijobiy, chunki mamlakat 25 yil davomida mustaqillik yo‘lida taraqqiy etib keldi, bu yo‘lda uni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti boshqardi. Hozirda ulkan boshqaruv va davlat tajribasiga ega inson tanlandi. Mening fikrimcha, u har qanday vazifani bajara oladi. Men o‘zbek ekanimdan faxrlanishimni bir necha marotaba aytganman. O‘zbekiston, uning rahbariyati uchun foyda berishi mumkin bo‘lgan hamma narsaga doim tayyorman. Men O‘zbekiston, uning xalqi va prezidentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", - dedi Usmonov. 

O‘zbekistonga investitsiya kiritish niyati bor yoki yo‘qligiga doir savolga Usmonov "Albatta, bu rejamda bor", deya javob berdi. Shuningdek u o‘z ona yurtida xayriya fondi ochish istagida ekanligini ma'lum qildi. 

"Moskvada amalga oshirayotgan loyihalarimni O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yish uchun u yerda kamida xayriya fondi ochish istagim bor. Men bu istagimni ro‘yobga chiqarishga harakat qilaman", - deya o‘z rejasi bilan bo‘lishdi milliarder. 

O‘zbekistonning iqtisodiyotiga investitsiya kiritish masalasi borasidagi savolga Alisher Usmonov bu alohida mavzu ekani va bunga doim tayyor ekanini ma'lum qildi. 

Mavzuga oid