Jamiyat | 10:35 / 09.01.2017
23164
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyohlar uchun vizalarni bekor qilish 2021 yilgacha kechiktirildi

Foto: instagram/nozimnizomovich

O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi 27 mamlakat sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi 2017 yil 1 apreldan kuchga kirishi lozim bo‘lgan Prezident farmoni ijrosi 2021 yil 1 yanvarga qadar kechiktirildi. Mazkur o‘zgartish Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz sayti.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining farmoniga muvofiq, 1 apreldan 15 davlat sayyohlari va 12 mamlakatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish rejalashtirilgan edi.

Yangi hujjatda qayd etilishicha, viza tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror sayyohlik faoliyatini barqaror va bir maromda taraqqiy ettirish, zarur moddiy-texnik bazani shakllantirish, xorijlik sayyohlar va respublika fuqarolari hayoti xavfsizligi va salomatligini ta'minlash, shuningdek, chet el davlatlari bilan teng huquqli tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda keltirilishicha, viza tartibini kechiktirish to‘g‘risidagi taklif Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan.

Shunday qilib, 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston mamlakatga 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatga sayyohlik maqsadida kelgan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveytsariya va Yaponiyaning barcha yoshdagi fuqarolari uchun hamda Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (sayyohlik guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatda sayyohlik maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi 55 yoshdan oshgan fuqarolari uchun viza tartibini bekor qiladi.

 

Mavzuga oid