Fan-texnika | 17:48 / 11.01.2017
5809
3 daqiqa o‘qiladi

Facebook'ga qarshi 2 milliard dollarlik da'vo ishi ochildi

ZeniMax kompaniyasi ko‘rilgan 2 milliard dollarlik ziyonni qoplashni talab qilib Facebook'ga qarshi da'vo ishi ochdi. Da'vogarning fikricha, Facebook kompaniyasiga qarashli Oculus VR startapi o‘z VR-ko‘zoynaklarini faqatgina loyiha asoschisi Palmer Laki mehnatlari evaziga emas, asosan ZeniMax va uning xodimi Jon Karmak texnologiyasi yordamida yaratgan. Bu haqida Bloomberg xabar berdi. 

Da'vo ishiga ko‘ra, 2012 yilda Oculus asoschisi Palmer Laki Rift nomi ostidagi "virtual reallikning primitiv garniturasi" ustida ishlagan, o‘sha paytda loyiha boshga kiyiladigan dubulg‘a, maxsus dasturiy ta'minot, harakat datchiklari va boshqa texnologiyalar yetishmagan "xom prototip" bo‘lgan. Shunda u ZeniMax bilan faoliyat olib borgan Jon Karmak (id Software kompaniyasi hammuassisi, Wolfenstein 3D, Doom va Quake ishlab chiqaruvchisi) bilan muloqot qila boshlagan. 

ZeniMax'ning fikricha, Rift'ni "virtual reallikning kuchli tizimi"ga aylantirishda Karmak yordam bergan. Biroq Karmak va Laki garnituradan Los-Anjyelesdagi konferensiyada Doom 3'ning namoyishi vaqtida foydalanishga kelishib olishganidan so‘ng hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlasha boshlagan. 

Manbaga ko‘ra, ZeniMax'ga bergan va'dasi ustidan chiqmagani uchun kompensatsiya to‘lash o‘rniga Laki va o‘sha payt startap rahbari lavozimini egallagan Brendan Iribe o‘zlarini "olib qocha" boshlashgan, keyinroq esa sobiq ish beruvchisining minglab hujjatlaridan nusxa olishga ulgurgan Karmakni ham o‘zlariga og‘dirib olishgan. 

Bundan tashqari, Oculus VR Karmakning Rift'ni yaratishga qo‘shgan hissasini rasman tan olmayapti. "Aslida, bu voqea boshidan oxirigacha yolg‘on ustiga qurilgan", - deyiladi da'vo ishida. Kompaniya huquq himoyachisi Toni Sammi Bloomberg muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda ZeniMax mazkur ishga ko‘plab guvohlar, shu jumladan Facebook asoschisi va rahbari Mark Tsukerbergni jalb qilishga tayyor ekanini aytib, ogohlantirdi. 

Facebook va Oculus VR vakillari ayblovlarga izoh berishmadi. 

Mazkur ish 2017 yilning 9 yanvaridan Texasning Shimoliy okrug sudida ko‘rib chiqila boshlandi. Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, ishga doir materiallar uch hafta davomida ko‘rib chiqiladi. 

2015 yilning may oyida Havayining Total Recall Technologies kompaniyasi Lakini maxfiy ma'lumotni o‘g‘irlashda ayblagandi. Ma'lumot virtual reallik dubulg‘asi prototipini yaratishga oid bo‘lgan. 

Mavzuga oid