Jamiyat | 09:24 / 13.01.2017
6638
3 daqiqa o‘qiladi

Samsung vitse-prezidenti 22 soat so‘roq qilindi

Janubiy Koreyaning Samsung Electronics korporatsiyasi prezidentining o‘g‘li Li Chjye Yonni so‘roq qilish 22 soat davom etgan. Otasining xastaligi tufayli bir necha yildan beri kompaniyani boshqarib kelayotgan vitse-prezident Koreyada avj olgan korrupsiya mojarosi yuzasidan tergovga chaqirilgan, deb xabar qilmoqda Yonxap agentligi. 

So‘roq 12 yanvar kuni ertalab boshlangan va deyarli bir kun o‘tgach, 13 yanvarda yakunlangan. Li Chjye Yon mamlakat prezidenti ham aralashib qolgan korrupsiya mojarosiga aloqadorlikda gumon qilinib so‘roq qilingan. 

Yonxap agentligining tergovga aloqador manbasiga asoslangan holda xabar qilishicha, Li Chjye Yon so‘roq davomida prezident Pak Kin Xe uning kompaniyasini dugonasi Tsoy Sun Sil tashkilotlariga mablag‘ o‘tkazishga majburlaganini aytgan. 

"Biroq, pora bosim natijasida berilgan bo‘lsa-da, uni bergan kishi jazoga tortiladi. Lining bayonoti esa, jazoni yengillatuvchi bo‘lishi mumkin", — deya mulozim so‘zlarini keltiradi agentlik. Shu bilan birga, Li kompaniyasiga nisbatan ilgari surilgan ko‘plab ayblovlarni rad etgan. 

Tergovchilarning fikricha, Samsung Electronics impichment qo‘llanilgan prezident Pak Kin Xening qohina dugonasi Tsoy Sun Silning Germaniyadagi kompaniyasiga 22 milliard von (18 million dollarga yaqin) mablag‘ o‘tkazganlikda gumon qilinadi. Go‘yo konsalting xizmatlari uchun o‘tkazilgan mablag‘lar otlar xarid qilish, Tsoyning qizini otda yurishga o‘rgatish va ushbu sport turiga doir anjomlarni xarid qilishga sarflangan. Bundan tashqari, korporatsiya 20,4 milliard von (17 million dollarga yaqin) mablag‘ni Tsoy nazoratidagi ikkita nohukumat fondlariga o‘tkazgan. 

Bunday beminnat xizmatlariga tashakkur sifatida Tsoy o‘zining davlat rahbari bilan munosabatlaridan foydalangan holda Samsung va Cheil Industries Inc. kompaniyalarining qo‘shilishini ma'qullash uchun Pensiya jamg‘armasiga bosim o‘tkazgan. Pensiya jamg‘armasi Samsung kompaniyasining 11,6 foiz aksiyasiga va Cheil Industries Inc. kompaniyasining 5 foiz aktiviga ega bo‘lgan. 

Mavzuga oid