Jamiyat | 22:26 / 16.01.2017
28662
7 daqiqa o‘qiladi

Valyutachi, turoperator yoki sport xodimi?

2016 yilning noyabrida so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston Kikboksing Assotsiatsiyasida ro‘y bergan juda qiziq holatlar fosh bo‘ldi. Sportchilarni qo‘llab-quvvatlab, kikboksingni rivojlantirish o‘rniga bu yerda qandaydir tushunarsiz valyuta operatsiyalari, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya va hattoki turistik sayohatlar yo‘lga qo‘yildi.

Barcha "mo‘'jizalar" Assotsiatsiya boshqaruvi Sherzod Tursunxonov qo‘liga o‘tganidan keyin yuz bera boshlandi. Ochig‘i, qiziq shaxs. Avval u "valyutachi" Umar-sher nomi bilan mashhur edi - aynan shu nom ostida u uyushgan jinoiy guruh tarkibida faoliyat yuritgan va xorijiy valyutani noqonuniy yo‘l bilan sotib olish bilan shug‘ullangan. Qanday yo‘l bilan bilmadimu, lekin 2012 yilda katta ko‘cha firibgari ushbu Assotsiatsiya boshqaruvini qo‘lga oldi va u yerda o‘zining, ko‘cha-kriminal tartibini o‘rnata boshladi. 

Birinchi navbatda, Assotsiatsiyada byudjyet va homiy vositalarini "arralash" tizimi yo‘lga qo‘yildi. Biroq Umar-sherga buning o‘zi kamlik qildi, shu bois u yana bir sxemani kiritdi - xorijdagi turnirlarda ishtirok etishni istagan sportchilarni saralash. Ma'lum bo‘lishicha, Tursunoxunov shu yo‘l bilan haqiqiy oltin koniga yo‘l  topgan. 

Biroq Kikboksing Assotsiatsiyasida bunday tartib barchani birdek qoniqtirmagan. Qo‘pol va takabbur rahbar Tursunoxunov tahdid va qo‘rqitish yo‘li bilan tashkilotda "avtoritar" rejim o‘rnata boshladi. Shunisi qiziqki, bunday sifatlar uning islom diniga bo‘lgan qiziqishi bilan uyg‘unlashgan edi. Terma jamoa tuzishda murabbiylar fikri bilan hisoblashmagan rahbar respublikada kikboksing rivoji uchun zarracha ham hissa qo‘shmadi. Shuning uchun Assotsiatsiya rahbari lavozimidagi faoliyati davomida murabbiylar va sportchilar ishonchini qozona olmadi. Qo‘rqita olmagan va o‘ziga bo‘ysundira olmagan kishilarni esa shunchaki ishdan bo‘shata boshladi. Shunday qilib, 2012 yildan buyon rahbarning ota-onalar va homiylardan pul yig‘ishga doir buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgan bir qator tajribali murabbiy va viloyat bo‘limlari rahbarlari Assotsiatsiyani tark etishdi. 

Sherzod Tursunoxunovning fosh qilingan firibgarliklaridan biri alohida e'tiborga loyiq - 2016 yilning may oyida Vengriyada bo‘lib o‘tgan Kikboksing bo‘yicha Jahon kubogi. Assotsiatsiya rahbari avval tasdiqlangan kikbokschilarni delegatsiya tarkibidan olib tashlab, ularning terma jamoadagi o‘rnini 1200 AQSh dollariga "pulladi". 

Natijada, bundan norozi bo‘lgan ba'zi sportchilarning ota-onalari adolat qaror topishiga umid qilib, huquq-tartibot organlariga murojaat qilishdi. Shundan so‘ng Assotsiatsiya faoliyatini dastlabki tekshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi, shu asnoda aniqlangan qonunbuzarliklar uchun Tursunoxunov ma'muriy javobgarlikka tortildi. 

2014 yilning iyunida bundan-da qiziq voqea ro‘y bergan. O‘shanda Italiyada xalqaro turnir bo‘lib o‘tayotgandi. Turnir oldidan Tursunoxunov har bir chetga chiquvchi sportchidan naqd pulda 3 ming dollar talab qilgan. Aftidan, jinoiy o‘tmishi Umar-sherni tinch qo‘ymagan ko‘rinadi, shu bois u avvalgi usullarini yana qo‘llashga qaror qilgan. Ularning pasporti evaziga so‘mga konversion plastik kartalarga 2 ming dollardan xarid qilindi, naqd pullar esa o‘zlashtirildi. 

Tursunoxunov sportchilar hisobidan delegatsiya tarkibiga hamshira sifatida o‘z onasini ham qo‘shib oldi. Bu uning "turoperatorlik" faoliyatining birinchi epizodi edi.

Turnir poyoniga yetganidan keyin Tursunoxunov sportchilarga mutlaqo bo‘m-bo‘sh plastik kartalarni qaytargan. Ota-onalar farzandlarining xorijdagi chiqimlariga oid cheklarni taqdim etishni qancha so‘rashmasin, u rad etavergan. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu axir bejiz emas-ku? Kikbokschilarning ota-onalari ham shunday o‘y-xayollarga borishdi va bu borada prokuraturaga murojaat qilishdi. Shu tariqa firibgarlik va noqonuniy valyuta olish va sotishga doir Jinoiy kodeks moddalari bo‘yicha tergov oldi choralari ko‘rila boshlandi.

Mazkur jarayonda Umar-sher o‘zining "yuqoridagi" aloqalari bilan maqtanib, sportchilarga bosim o‘tkaza boshladi va ulardan o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechishni talab qildi, bundan tashqari tergov chaqiruvlariga loqaydlik bilan javob qaytardi.

Biroq "Ko‘za kunda emas, kunida sinadi" deyilganidek, 2016 yilning noyabr oyi oxirida militsiya xodimlari Tursunoxunovni qo‘lga olib, Shayxontohur tumani prokuraturasiga keltirishdi. So‘roq davomida u o‘z xizmat vakolatlarini suiste'mol qilganligiga doir aybini qisman tan oldi. 

Telefonlardagi ma'lumotlar bilan tanishib chiqqan xavfsizlik xizmati xodimlari ularda diniy videomateriallar, shuningdek uning diniy saytlarga kirganligini tasdiqlovchi dalillarni aniqlashdi. Qurilmalar o‘rganish uchun Diniy ishlar qo‘mitasiga topshirildi.

Shayxontohur tuman prokuraturasi Sherzod Tursunxonovga nisbatan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi. U vaqtinchalik izolyatorda saqlandi. 

Umar-sherning qo‘lga olinganidan xabar topgan ko‘p sportchilar nihoyat uning noqonuniy xatti-harakatlariga oid arizalar bilan murojaat etishga jazm qilishdi. 

Tergov Tursunoxunovning xorijga chiquvchi sport delegatsiyalariga muayyan pul mukofotlari evaziga muntazam ravishda begona shaxslarni qo‘shib kelganini aniqladi. Sport turoperator-valyutachisi.

Yaxshiki, O‘zbekiston Kikboksing Assotsiatsiyasida ro‘y bergan bu dahshat ortda qoldi. Bundan buyon mamlakatimizning xalqaro arenalardagi sharafini puldor sportchilar emas, eng kuchli sporchilar himoya qilishadi. 

Muallif: Ergash Kenjayev
manba

Mavzuga oid