Jahon | 13:53 / 20.01.2017
10176
5 daqiqa o‘qiladi

Davos 2017: Butunjahon iqtisodiy forumining asosiy shaxslari va voqealari

Har yilning yanvar oyida butun danyoning siyosiy va iqtisodiy yetakchilari Shveytsariyaga to‘planishadi. Ular Davos dam olish maskanida tashkil etiladigan Butunjahon iqtisodiy forumida ishtirok etishadi. 2017 yilgi anjuman 17-20 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 3 mingga yaqin kishi ishtirok etmoqda. 

Bu yilgi forum mavzusi “Hozirjavob va mas'uliyatli yetakchilik” deb nomlandi. 

Forumda AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan biznes bilan aloqalar bo‘yicha prezident maslahatchisi lavozimiga tanlangan Entoni Skaramuchchi ham ma'ruza qildi.

Anjuman davomida dasturga binoan 400ga yaqin turli mavzuda sessiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda Xitoy delegatsiyasiga jiddiy e'tibor qaratilgan.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagardning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar o‘rta sinf vakillari inqirozni boshidan kechirmoqda. Uning aytishicha, mamlakatlar hukumatlari bu muammoni hal etish uchun choralar ko‘rishlari lozim. Lagardning fikricha, iqtisodiy notenglikka barham berish – ekstremizm ildiziga bolta urishdir. XVJ rahbarining ta'kidlashicha, “jasur yetakchilarning xalqni tinglash vaqti kelgan”. 

Davos forumida, shuningdek, Brexit, Trampning prezidentligi, Xitoyning o‘sib borayotgan roli, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ham muhim mavzular hisoblanmoqda. 

Xitoy raisi Si Tszinpin ma'ruzasi forumni ochib berdi. U o‘z chiqishida proteksionizmga yo‘l qo‘ymaslikka, dunyoga farovonlik olib kelayotgan global erkin savdo o‘sishini cheklamaslikka chaqirgan. “Savdo urushlarida g‘olib bo‘lmaydi”, - degan XXR raisi. 

Forumning ilk kunidagi qatnashchilar, 17 yanvar

Davosga taniqli va mashhur kishilar ham kelishdi. Xususan, Hollivud aktyori Mett Deymon, forumda chiqish qilar ekan, ishtirokchilar e'tiborini xavfsiz ichimlik suvi muammosiga qaratdi.

 Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko esa AQSh bilan samarali hamkorlik qilishga umid qilmoqda. U fevral oyida Vashingtonga borishni rejalashtirgan. Xitoyning jahon hamjamiyatidagi o‘rni kuchayib borayotgani sababli, Ukraina rahbari Xitoy yetakchisi bilan muzokaralar o‘tkazgan. 

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden fikricha, Rossiya dunyo liberal tartibiga eng jiddiy tahdiddir. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov o‘tkazmoqchi bo‘layotgan barcha mamlakatlar, Rossiyaning ulardagi demokratik jarayonlarga aralishishiga tayyor turishlari kerak. 

Anjuman chog‘ida faqatgina iqtisodiy masalalar emas, balki ilmiy sohaga ham e'tibor qaratilgan. Suratda – “Sun'iy aqlni qarshilab” sessiyasi chog‘ida.

Facebook bosh amaliy direktori Sheril Sendberg, “Xalqaro hamjamiyatning ijobiy yondashuvi” mavzusidagi sessiyada ijtimoiy tarmoqdagi soxta xabarlar, yangiliklar muammosiga doir savolga javob berdi. Sendberg aytishicha, odamlarning Facebook tarmog‘ida soxta yangiliklarni ko‘rishni istamayotganidan kompaniya rahbariyatining xabari bor va ular ham bunday bo‘lishini xohlamaydi. Shunga ko‘ra, Facebook kompaniyasi bu borada sezilarli choralarni ko‘rmoqda. Biroq, bunda eng asosiysi, spam yuboruvchilarga turtki bo‘ladigan moliyaviy sabablarga barham berishdir. 

Milliarder Bill Geytsning aytishicha, uning jamg‘armasi eng jiddiy yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan global guruhga qo‘shiladi. Birinchi bosqichda tashkilot 460 mln dollar mablag‘ni jalb qilishni rejalashtirgan. 

Alibaba asoschisi Jyek Ma esa, EWTP – xalqaro elektron savdo platformasini barpo etishga chaqirgan. U kichik biznes korxonalari uchun Jahon savdo tashkiloti vazifasini bajarishi kerak. Uning fikricha, JST kichik biznesga biror ustunlik yoki imtiyoz bermayapti. Shu bilan birga, Jyek Ma interyu chog‘ida yoshi 30 atrofida bo‘lganlarga ko‘proq e'tibor qaratish lozimligini aytgan. Chunki, ular, Maning fikricha, internet asri avlodi bo‘lib, ular dunyoni o‘zgartirishadi.

Kiyev shahri hokimi, sobiq bokschi Vitaliy Klichko forum qatnashchilarini o‘z qadriyatlari uchun kurashishga chaqirgan. “Kurashish kerak. Bu sizning qarashlaringiz, qadriyatlar, maqsad va orzularingiz uchun jangdir”, - degan Klichko.

“Severstal” rahbari Aleksey Mordashovga ko‘ra, 2017 yilda metall xom ashyosining narxi 10-15 foizga pasayadi. Uning fikricha, bu masalada ko‘p narsa Xitoyga bog‘liq. 

Qo‘shiqchi Shakira esa, forum chog‘ida Crystal Award sovrini bilan taqdirlandi. U UNICEF tashkilotining yaxshi niyat elchisi sifatidagi faoliyati uchun ushbu mukofotga munosib topilgan.

Bugun. 20-yanvarda Davos-2017 o‘z ishini yakunlaydi.

Mavzuga oid