O‘zbekiston | 08:21 / 21.01.2017
48986
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi

Foto: uza.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA milliy axborot agentligi xabar qilmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash zarurki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagani muhim ahamiyatga ega. Bu albatta davlat rahbarining Qoraqalpog‘istonga, qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat-e'tiboridan dalolat beradi.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 10 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida: “Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!”, deb ta'kidlagan edi. Shu bilan birga, ushbu mintaqada yashayotgan aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib, jumladan: “Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak bo‘lsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qat'iy nazoratga olamiz”, degan edi.

Aytish mumkinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bugungi tashrif ana shunday ezgu maqsadlarning, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarning yana bir amaliy ijrosi sifatida namoyon bo‘ldi.

Ma'lumki, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning qariyb yarmi, hududiy eksportning 75 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ish bilan band bo‘lgan aholining 75 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda.

Ayni paytda bu hududning murakkab sharoiti, Orol dengizi bilan bog‘liq mintaqada yuzaga kelgan ekologik ofat aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila va mahalla institutlariga e'tibor qaratish, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan amaliy ishlarni talab etmoqda.

Ana shu maqsadda davlatimiz rahbari tashrif davomida oddiy odamlar bilan uchrashdi, oilalarga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Xalq bilan samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid