O‘zbekiston | 21:40 / 26.01.2017
11562
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» 25 yilligini nishonlash arafasida

2017 yil 28 yanvarda mustaqil O‘zbekiston timsollaridan biri «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil etilgan kun. 1992 yil 28 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkan edi. 

Milliy aviakompaniyaning tashkil etilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan MAK Direktsiyasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston havo yo‘llari» rahbariyati va vakolatxonalari vakillari, respublika va xorijiy OAV xodimlari ishtirok etdi. 

Anjumanda so‘zga chiqqan MAK bosh direktori Valeriy Tyan tarixan qisqa davrda aviakompaniya bosib o‘tgan yo‘l va erishgan natijalarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning zamonaviy va qulay avialaynerlari Yevropa va Osiyoning 50dan ortiq shaharlariga doimiy, Alyaskadan to Yangi Zelandiyagacha charter reyslarini amalga oshiradi. 

O‘zbekistonlik uchuvchilar A320, Boeing-757/767, Il-114-100 kabi havo kemalarida parvozlar amaliyotini o‘zlashtirib, bugungi kunda eng zamonaviy bo‘lgan Boeing-787 Dreamliner samolyotlarini ham boshqarmoqda. 25 yil mobaynida sohada ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, O‘zbekistondagi 11ta aeroport xalqaro maqomga ega bo‘ldi, yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy aerovokzallar qurildi, rekonstruksiya qilindi. 

O‘zbekistonning «Navoiy» aeroporti negizida barpo etilgan xalqaro intermodal logistika markazini alohida e'tirof etish joiz. U mintaqadagi yuqori texnologiyali va ulkan aviayuk tashish majmuasi hisoblanadi. Bugungi kunda, ushbu markaz O‘zbekistonni Frankfurt, Milan, Bryussel, Vena, Saragosa, Oslo, Bazel, shuningdek, Dubay, Dehli, Tehron, Inchon, Tyanzin, Xanoy va Shanxay kabi asosiy logistika markazlari bilan bog‘lamoqda. 

Kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritgan MAK rahbari Valeriy Tyan 2018-20 yillarga qadar yana 4ta Boeing-787 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolanganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, xalqaro yo‘nalishlarda doimiy parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Yaqin orada Pokistonning Lahor va Tojikistonning Dushanbe shaharlariga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yo‘lovchilar va O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan mehmonlarga jahon andozalarida yuqori servisni taqdim etish maqsadida soatiga 1,5 ming aviayo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan «Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini qurish bo‘yicha ulkan loyiha amalga oshirilmoqda. 

Mavzuga oid