Jamiyat | 23:21 / 26.01.2017
10852
2 daqiqa o‘qiladi

Jinoyatchilar mashinani egasiga yonilg‘i to‘la bak bilan qaytarishdi

Kanadada jinoyatchilar o‘g‘irlashgan mashinalarini yonilg‘i baki to‘la holda egasiga qaytarishdi. Bu haqda Facebook’da mashina egasi Josh Kuk ma'lum qilgan. Avtomobil o‘g‘irlangandan bir kun o‘tib egasiga qaytarilgan. 

Ushbu voqeani yoritgan CBC News nashrining ta'kidlashicha, Kukning mashinasi u pitssani mijozga yetkazganda o‘g‘irlab ketilgan. Kuk yomon ob-havo sharoiti sababli o‘zining 2008 yildagi Saturn Astra mashinasini avariyaviy signali va motorini yoqiq holda qoldirgan. Kanadalik bino ichiga kirganda motor shovqinini eshitgan va ko‘chaga yugurib chiqqan, biroq ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning mashinasi katta tezlikda undan uzoqlashib ketgan.

Kuk hamma ishini tashlab, yaqin oradagi klinikaga borib, u yerdan politsiyani chaqirtirgan, uning mobil telefoni mashinada qolib ketgan bo‘lgan. Bo‘lgan voqeadan xabar topgan klinika xodimlari unga rahmlari kelib, pitssasini sotib olib, yana yaxshigina choychaqa ham berishgan.

Ertasi kuni Kukning tanishi jinoyat joyi yonidan o‘tayotib, Kukning avtomobilini ko‘rib qolgan. "Astra" o‘zi o‘g‘irlangan joydan 10 metr berida tashlab ketilgan bo‘lgan. Mashinaning gabarit chiroqlari yoqiq va qulflar ochilgan bo‘lgan, mashinaning o‘t oldirish kaliti esa aniqlanmagan. 

Voqea joyiga zaxira kalit bilan yetib kelgan Kuk mashinasiga nimadir jiddiy shikast yetganini aniqlamagan. Shu bilan birga u mashinani boshqarayotganda podveska, transmissiya va chiqindilar chiqarish tizimida ba'zi muammolar borligini qayd qilgan, biroq hammasidan uni liq to‘la bak hayratlantirgan.

Jabrlanuvchi avtomobilini politsiyachilarga tergovni o‘tkazishlari uchun topshirgan.

Mavzuga oid