Sport | 17:18 / 05.02.2017
10163
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoalar Antonio Konte uchun kurash boshladi

Italiyaning «Inter» klubiga egalik qiluvchi Xitoyning Suning kompaniyasi jamoa bosh murabbiyligiga Antonio Konteni taklif qilishni istamoqda. Bu haqda Football Italia nashri Tuttosport bergan ma'lumotga tayanib xabar tarqatdi.

Manbaning xabariga ko‘ra, 47 yoshli mutaxassisga  yillik maoshi 15 million yevro bo‘lgan to‘rt yillik shartnoma taklif qilinmoqda. Shuningdek Konte yangi futbolchilarni sotib olish uchun  400 million yevro byudjyetga ega bo‘ladi.

«Neradzurri»larning Suning rahbarligidagi birinchi murabbiy Frank De Bur bo‘lgandi, ammo yarim mavsum ishlamasdan turib iste'foga chiqarilgandi.

Uning o‘rniga murabbiy etib tayinlangan Stefano Pioli «Inter» bilan 9 uchrashuvda ketma-ket g‘alaba qozondi va jamoani to‘rtinchi o‘ringacha olib chiqdi. Ammo 51 yoshli mutaxassisning uzoq muddatli yangi loyihadagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda.

Bundan oldinroq Xitoy jamoalaridan biri ushbu murabbiy uchun yiliga 25 million yevro maosh to‘lashga tayyorligi ma'lum bo‘lgandi.

47 yoshli Antonio Konte «Chelsi» rahbarligiga Yevro-2016 turniridan keyin kelgan va 2019 yilgacha davom etuvchi shartnoma tuzgandi. APLning 24 tur uchrashuvlaridan keyin «ko‘klar» jamoasi eng yaqin ta'qibchisini 12 ochko farq bilan ortda qoldirib, turnir jadvalida ishonch bilan peshqadamlik qilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid