Jamiyat | 18:01 / 11.02.2017
45449
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda "Iyegova shohidlari"ning noqonuniy yig‘ilishi fosh etildi 

Illyustrativ foto

Joriy yilning 19 yanvar kuni huquq-tartibot organlariga Samarqand shahar Dahbet ko‘chasidagi xususiy hovlilardan birida shubhali shaxslar to‘plangani haqida telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Tezkor guruh vaziyatni o‘rganish uchun aytilgan manzilga yetib bordi, deb xabar berdi “Zarafshon” nashri.

Aniqlanishicha, fuqaro Roziya Qosimova o‘zi istiqomat qiladigan uyda adliya idoralarida ro‘yxatga olinmagan "Iyegova shohidlari" diniy tashkilotiga a'zo bo‘lgan adeptlarning noqonuniy yig‘ilishini uyushtirgan ekan. Yig‘inda Samarqand shahri va unga yaqin hududlarda yashovchi 9 kishi qatnashgani ma'lum bo‘ldi.

Yig‘ilish o‘tkazilayotgan uy ko‘zdan kechirilganda diniy mazmundagi "Injil", "Muqaddas kitob", "Rassujdeniye s pomoshchyu pisaniy", "Organizovannyy chtoby ispolnyat volyu Iyegovi", "Poznaniye vedushcheye k vechnoy jizni", "Rukovodstvo dlya shkoly teokraticheskogo slujyeniya", "Farzandlaringizga ta'lim bering", "Muqaddas kitob ta'limotlari" kitoblari, "Duxi myortvyx" jurnali, Islom diniga aloqasi bo‘lmagan diniy mazmundagi varaqalar, 2 dona planshet borligi aniqlanib, bu ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Ushbu hududda yashovchilar R.Qosimova uzoq vaqtdan buyon Samarqand shahrining musulmon aholisi orasida mazkur tashkilotni targ‘ib etgani, "Iyegova shohidlari" tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi adabiyotlarni tarqatganini ma'lum qildi.

Roziya Qosimova 2007 yilda ham shu kabi faoliyati uchun ma'muriy jazoga tortilgan. Ayni vaqtda noqonuniy diniy yig‘ilish tashkilotchisi va uning faol a'zolariga nisbatan Ma'muriy-javobgarlik kodeksning tegishli moddalari bilan materiallar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid