Jahon | 12:05 / 12.02.2017
25237
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Berdimuxamedov saylovda ovoz berdi

Bugun, 12 fevral kuni Turkmaniston prezidenti saylovlari o‘tmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07.00da ochildi va 19.00gacha ochiq bo‘ladi.

Ushbu prezident saylovi respublika mustaqillikka erishganidan keyingi beshinchisi, siyosiy partiyalardan nomzodlar ishtirokidagi birinchisidir.

Turkmaniston prezidenti lavozimiga hammasi bo‘lib 9 nomzod, jumladan mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov da'vogarlik qilmoqda.

Gurbanguli Berdimuhammedov o‘z oilasi a'zolari bilan prezident saylovida ovoz berish uchun saylov uchastkalaridan biriga tashrif buyurgan. U saylov uchastkasiga oilasi — ota-onasi, o‘g‘li, qizlari va nabiralari bilan keldi. Oilaning barcha ayollari milliy libos, erkaklar esa kostyumda bo‘lgan.

Turmaniston televideniyesida ma'lum qilinishicha, prezident Ashxoboddagi 68-maktabda tashkil etilgan 48-saylov uchastkasida ovoz bergan. U ovoz bergach, yig‘ilganlarga murojaat qilgan.

"Xalqimiz bugun o‘z taqdirini hal etish uchun saylovda ishtirok etmoqda. Millionlab kishilar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda, o‘zi istagan nomzodga ovoz bermoqda. Ular kelajak oldidagi buyuk mas'uliyatini his qilib, keyingi 7 yilda davlatni boshqaradigan nomzodni tanlashda ishtirok etishmoqda", — degan Berdimuxamedov.

Boshqa nomzodlar ham yakshanba kuni tongida saylov uchastkalariga kelib, ovoz berib bo‘lishgan.

Turkmaniston prezidenti shu mamlakatda tug‘ilgan, 40dan yosh bo‘lmagan, turkman tilini biladigan, oxirgi 15 yil davomida Turkmanistonda yashab, ishlagan fuqaro bo‘la olishi mumkin. 

Saylovda partiya vakillari nomzod sifatida ishtirok etishi mamlakat konstitutsiyasining 2016 yil sentabrda tasdiqlangan so‘nggi tahririga muvofiq kiritildi, unda ko‘ppartiyaviylik haqidagi qoidalar, fuqarolik jamiyati va jamoatchilik birlashmalarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish zarurligi belgilandi. Prezident vakolatlari muddati 5 yildan 7 yilgacha uzaytirildi, prezidentlikka nomzodlar uchun yosh chegarasi olib tashlandi, u avval 70 yoshni tashkil etar edi.

Respublikaning asosiy qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olib, 2016 yilning 14 dekabrida nomzodlarni saylovlarda ishtirok etish uchun ilgari surish boshlandi, 26 dekabrda esa ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olindi.

Saylovlarda jami 2578ta saylov uchastkasi ochilgan, shundan 39tasi Turkmanistonning mamlakatdan tashqaridagi diplomatik missiyalari qoshida ochildi.

Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, 1 millionga yaqin saylovchi ovoz berib bo‘lgan va saylovdagi davomat 30,5 foizni tashkil qilgan.

Video: Turkmaniston prezidenti saylovchilar qarshisida gitara chalib, qo‘shiq kuyladi

Mavzuga oid