Light | 20:01 / 13.02.2017
35693
4 daqiqa o‘qiladi

Milliarder bo‘lishni kafolatlovchi o‘nta muammo

Milliarder bo‘lishni kim ham xohlamaydi, deysiz? Albatta, orzuga ayb yo‘q, ammo niyatga yetish uchun jiddiy ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Trendymen nashri bu borada ishni osonlashtirish uchun, agar hal qilinsa, boy-badavlat bo‘lish va obro‘ keltirishi aniq bo‘lgan 10ta muammoni yodga olgan. 

Energiyani simsiz uzatishning yechimi. Qurilmalar tobora kichiklashib bormoqdaki, batareyalar hajmi jiddiy muammoga aylangan. Albatta, akkumulyator o‘lchamini istagancha kichraytirish mumkin. Ammo, batareyalardan umuman voz kechish va elektr tokini simsiz uzatishga nima deysiz? Hozirda, induksiyali quvvatlash qurilmalari mavjud. Ammo, bu texnologiyalar boshlang‘ich davrida deyish xato bo‘lmaydi. Shu boisdan ham, Nikola Tesla ixtirolari tinchlik bermayotgan bo‘lsa, ishga kirishing. 

Hamma yerda internet. Internet turmush tarzimizga qanchalik kirib kelmasin, dunyoda ijtimoiy tarmoq bir yoqda tursin, telefon kirib bormagan joylar ko‘plab topiladi. Ayni vaqtda bu muammo bilan Google kabi korporatsiyalar shug‘ullanmoqda. Loyiha Project Loon deb nomlanadi hamda havo sharlarini nazarda tutadi. Loyihaga ko‘ra, routerlar bilan jihozlangan sharlar stratosferadan butun dunyoni internet bilan ta'minlash imkonini beradi. 

Arzon quyosh energiyasi. Nazarimizda quyosh energiyasi tekindek. Biroq quyosh nurlarini yig‘uvchi fotogalvanik elementlar arzon turmaydi. Butun dunyoda ayni uslubda ishlaydigan, lekin arzon turadigan material ustida bosh qotirishmoqda. Quyosh energiyasini ishlab chiqishda mazkur muammo hal etilsa, yaxshigina pul ishlasa bo‘ladi. 

Toza ko‘mir. Uglerodni suyuq yoqilg‘iga aylantirish masalasi millionlab yillar mobaynida hal etilgan masala bo‘lsa-da, olimlar toza ko‘mir olish masalasini hal eta olmayapti. Toshko‘mirni o‘rnini bosuvchi sun'iy ko‘mir asr kashfiyoti bo‘lishi shubhasiz. 

Arzon xalqaro to‘lovlar. Dunyoda ko‘plab to‘lov tizimlari mavjud. Ular kam haq evaziga xizmatni taklif etadi, ammo ularning barchasi banklar bilan birga ishlashga majbur. Chet elga pul o‘tkazish ham pul turadi. To‘g‘ri, bank haqiga aloqasi bo‘lmagan Bitcoin ham bor, lekin u ko‘plab davlat ishonchini qozona olmadi. 

Ozish vositalari. Ozish uchun mo‘'jizali ta'sir ko‘rsata oladigan tabletkalar butun dunyodagi millionlab insonlarning orzusi. Bu borada ajoyib xapdorilar ishlab chiqilgani ta'kidlanganiga qaramay, ularning hech biri kutilganidek samara bermaydi. 

Suvni arzon chuchuklashtirish. Ichimlik va chuchuk suv zaxirasining yetishmasligi jahondagi dolzarb muammolardan biridir. Dengiz suvlarini chuchuklashtirish qurilmalari butun dunyoda barpo etilmoqda. Ammo ular haddan ortiq qimmat turadi. 

Ob-havoni aniq aytish. Ob-havoni aniq taxmin qilish tizimi, bu borada ko‘plab asbob-uskunalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, hamon taxmin qilishdan nariga o‘ta olmayapti. Ikki oylik ob-havoni aniq aytish — hozircha fantastika. Ammo yangi texnologiyalar ishlab chiqilsa, haqiqatga aylanishi mumkin. 

Buzilmas parollar. Aniq fikr va ma'lum bir dasturlarga ega bo‘lish bilan har qanday parolni topish mumkin. Uning murakkabligi vaqtga ta'sir qilishi mumkin xolos. Dasturchilar smartfonlar va noutbuklarni raqamli qal'alarga aylantirish ustida ter to‘kib izlanishmoqda. Bu masalasini hal qilsangiz milliarder bo‘lishingiz kafolatlanadi. 

O‘limni yengish. Ha bu fantastikaning ichidagi fantastika. Ammo, yuzlab olimlar bu borada mehnat qilishmoqda. Umrlarini sarflashmoqda. 

Mavzuga oid