O‘zbekiston | 15:05 / 28.02.2017
38015
12 daqiqa o‘qiladi

Kollejlarda davomat muammosi: Kim aybdor? (1-qism)

Bundan 20-25 yillar avval, 11 yillik umumta'lim maktablarini tamomlagan yoshlar oldida ikki yo‘l turardi: oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish yoki… biror kasbni egallash haqida bosh qotirish. Yanayam to‘g‘rirog‘i, maktablar bitiruvchilaridan o‘rtacha 10 nafardan biri oliy o‘quv yurtlariga kirardi, qolganlari esa ko‘chada qolardi. O‘sha davrning barmoq bilan sanarli «texnikum»larida kasb-hunarga o‘rgatish yo‘liga, haminqadar bo‘lib, tizim ham nomigagina ishlar edi.

Minglab kasb-hunar kollejlari bunyod etilib, 12 yillik bepul, majburiy ta'limni yakunlagan yoshlar bilim olish barobarida, hunar ham egallamoqda va buni mamlakatda olib borilgan oqilona siyosatning yorqin dalolati deyish mumkin. Yoshlarning o‘z ixtisosligi bo‘yicha mehnat qilish imkoni yaratilgani bilan bir qatorda sanoat, tadbirkorlik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, barcha sohada tizimli rivojlanishga turtki berilgan.

Shu bilan birga savollar tug‘iladi: davlat tomonidan yaratib qo‘yilgan beqiyos imkoniyat va sharoitlardan hamma vaqt, barcha joylarda ham unumli foydalanilayaptimi? Ta'lim maskanlarida, jumladan, kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifati qanday? Davomat-chi?

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muxbirlari bu boradagi savollarga javob izlash maqsadida jurnalistik surishtiruvlar olib bordi. Ushbu jarayonda imkon qadar olis tumanlar, qishloq joylardagi ta'lim muassasalari bilan yaqindan tanishilgan. Bir qadar ko‘zdan pana, mutasaddilar ham uncha-munchaga boravermaydigan hududlardagi vaziyatni o‘rganish haqiqiy ahvolni bilishning eng xolis yo‘li sifatida tanlangan.

Kollejlarda tartib-intizom, ta'lim sifati va bosh­qa masalalarga ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani ta'kidlangan. Biroq davomat, ta'lim-tarbiya sifati, o‘quv maskanidagi sharoitlar borasida hali muammo va nuqsonlar kam emasligi qayd etilgan. Tayyorlangan material «Kun.uz» saytida ikki qismda berilmoqda.

Bordan ko‘ra yo‘g‘i ko‘proq

Sir emaski, o‘quvchilar dars va amaliy mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida, muntazam ishtirok etsagina, fanlarni, kasb sirlarini chuqur o‘zlashtiradi. Aksincha bo‘lsa-chi?

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejidagi vaziyat taajjublanarli darajada. Ushbu kollejda ayni paytda 1053 nafar o‘quvchi ikkiga bo‘linib, ikki navbatda tahsil oladi. Joriy yil 9 fevral holatiga ko‘ra, tushgacha o‘qishga kelishi lozim bo‘lgan 660 nafar o‘quvchidan 335 nafarigina darsda ishtirok etdi. Tushdan keyingi davomat yanada achinarli: 392 nafar o‘quvchidan 230 nafari darsda emasdi. Kollej ma'muriyatining ma'lumotiga ko‘ra, ularning 25 nafari kollejga umuman kelmaydi.

Bu kabi holat Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida ham kuzatildi. Joriy yil 4 fevral holatiga ko‘ra, 181 nafar o‘quvchidan 99 nafari darsga kelmagan.

Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida 8 fevral kuni soat 9:00da 480 nafar o‘quvchidan 50 foizi kelgan, soat 10:00da bu ko‘rsatkich 55 foiz, soat 11:00da esa 62 foizga yetgan. Bu kabi holat 15 fevral kuni Yangiyo‘l qurilish va milliy hunarmand­chilik kasb-hunar kollejida (371 nafar o‘quvchidan 146 nafari darsga kelmagan) kuzatilgan. Misol uchun, ushbu kollejning 3-kurs kadastr yo‘nalishidagi guruhida o‘quvchilar 36 nafar, lekin darsga 17 o‘quvchi kelgan. Davomatdagi muammoli holatlar Xo‘jayli yengil sanoat, Mirzaobod xizmat ko‘rsatish, Izboskan xizmat ko‘rsatish va servis, Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish, Qo‘shko‘pir qurilish va transport, Shovot yengil sanoat, Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish hamda Paxtakor xizmat ko‘rsatish kabi kollejlar uchun ham yangilik emasligi aniqlangan. Yana bir achinarli holat sifatida kollejlarga ko‘plab o‘quvchilarning kechikib kelayotganini keltirish mumkin.

Tahlil chog‘ida ayrim sabablar oydinlashdi. Xo‘sh, bular nimalardan iborat?

Ta'lim sifati talab darajasidami?

Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, davomatning eng asosiy tomiri kollejlardagi ta'lim-tarbiya sifati bilan bog‘liq hisoblanadi. Agar o‘quvchi yetarli va kerakli bilim olmasa, uning kollejga 3 yil qatnashidan nima naf? Shu o‘rinda Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida viloyat muxbiri 3ta guruh (bitta 2 kurs, ikkita 1-kurs) jamlanib, bir xonada ingliz tili darsi o‘tilayotganiga guvoh bo‘lgan. Vaholanki, kurslar har xil, o‘tiladigan mavzu ham qog‘ozda turlicha. Ammo dars bir vaqtning o‘zida o‘tilmoqda. Buni izohlashga hojat ham yo‘q.

«Darhaqiqat, ko‘plab kollejlarda kadrlar, ya'ni pedagog o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ustalarining yetishmasligi yoki bilim darajasi pastligini tan olish kerak. O‘qituvchilarda tashabbuskorlik sezilmaydi, qolaversa ular o‘z ustida muntazam ishlamaydi. O‘zlarining haminqadar bilimi va tajribasi bilan o‘quvchilarni chalg‘itishga, dars mavzusiga umuman daxldor bo‘lmagan gaplar bilan vaqtni o‘tkazishga urinish hollari ham ko‘p kuzatiladi. Gohida hamkasbini o‘z guruhini qo‘shib dars o‘tib turishga ko‘ndirib, shaxsiy ishlarini bemalol bajarib yurganlar ham uchrab turadi», deyilgan xabarda.

Shuningdek, ta'lim sifati pastligini dars va amaliyot uyg‘unligini ta'minlashga xizmat qiluvchi o‘quv qurollari, texnika va texnologiyalar yetishmasligida ham ko‘rish mumkin. Misol uchun, Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oladigan 289 nafar o‘quvchi uchun 12ta tikuv mashinasi, Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 3tagina tikuv mashinasi (u ham bo‘lsa ma'nan eskirgan) mavjud.

«Qizim ushbu kollejda tikuvchilik bo‘yicha 2-bosqichda o‘qisa-da, hali malaka hosil qilgani yo‘q. Buni qarangki, qo‘shnimizning qizi 2 oylik tikuvchilik kursiga qatnab, yaxshigina chevar bo‘lib qolibdi», — deydi o‘sha yerlik maktab o‘qituvchisi Umida Yo‘ldosheva.

«O‘qituvchilar darsga hamisha ham puxta tayyorgarlik ko‘rib kelishmaydi. Dars jarayonida ko‘rgazmali qurollar, innovatsion pedagogik texnologiyalardan umuman foydalanilmayapti», deydi Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejidagi ta'lim sifati haqida viloyat muxbiri.

Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida 2016 — 2017 o‘quv yilida ikkita yo‘nalish: «Oshpazlik» hamda «Avtomobillarni ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish» yo‘nalishlari ochilgan bo‘lsa-da, buning uchun ustaxonalar mavjud emas. Izboskan xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejida esa «Avtomobillarni ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish» yo‘nalishi uchun ajratilgan ustaxonalar bo‘m-bo‘sh, biron-bir jihoz yo‘q. Xo‘jayli tuman yengil sanoat kasb-hunar kollejidagi holat ham maqtagulik emas. Ixtisoslik bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikalari namunalari yo‘q, mashinalar ehtiyot qismlari bilan jihozlangan maxsus xonalar mavjud emas.

Andijon tuman sanoat-energetika kasb-hunar kollejida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun shart-sharoitlar haminqadar. Masalan, «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik-mexanik» hamda «Temir yo‘l elektrotexnika tizimlaridan texnik foydalanish» yo‘nalishlari bo‘yicha ustaxonalarda birorta ham jihoz yo‘q. Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida 2014 — 2015 o‘quv yilida yangi ochilgan «Qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish» yo‘nalishi uchun amaliyot jihozlari umuman mavjud emas, xona jihozlanmagan.

Yoshlar nazariy asoslarni o‘rganishyapti, amaliyotda esa tanlagan sohadagi yumushga dadil qo‘l ura olishmayapti. Maxsus ustaxonalar va jihozlarning yetishmasligi surishtiruv olib borilgan kollejlarning aksariyatiga tegishli. Ma'lumki, hunar o‘rganishni amaliyotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Masalan, avtomobil haydab malaka hosil qilmagan o‘quvchi qanday qilib nazariy bilim bilangina haydovchilik qilishi mumkin? Xulosa shuki, bu masalaga mutasaddilar tomonidan jiddiy yondashilishi lozim.

Manzil olis…

Viloyatlarda qishloqlar tarqoq va bir-biridan ancha olisda joylashgani bois o‘quvchilarning kollejlarga qatnashi borasidagi muammolarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.  Jumladan, Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan bir guruhi tog‘li «Shamolli» qishlog‘ida yashaydi. Ular kollejga kelish uchun Zarband qishlog‘i orqali 52 kilometr yo‘l bosib o‘tishi kerak. Yana bir guruh o‘quvchi esa Tuvadoq, Tozg‘ara hamda Ejgant qishloqlaridan avvaliga 6-8 km. piyoda, so‘ngra 14 km.ni avtotransportda bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejiga ham 30-35 km.dan qatnaydigan o‘quvchilarning aksariyati yo‘nalish bo‘yicha avtobus ham, taksi ham yo‘qligidan nolishadi. Kollejga eltadigan yo‘llar, asosan, qir-adirlikdan iborat bo‘lgani bois, ayniqsa, qish kunlari qatnov anchayin qiyinlashadi.

Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialidagi davomatning pastligi ham qish kunlari uzoqdan qatnaydigan o‘quvchilar tufayli ekani aniqlandi. Qayd etish kerakki, bu kabi — o‘nlab kilometr yo‘l bosishni talab etuvchi hududni qamrab olgan kollejlar respublikaning olis hududlarida keragicha topiladi.

«Qizim Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kollejiga borib kelishi uchun kuniga 5-6 ming so‘m sarflaydi. Yotoqxonaga qo‘yay desam, u yerdagi sharoitlar qoniqarli emas», — deydi tumandagi «Qoratosh» mahallasida yashovchi Esirgap Egamov.

Ayrim joylarda yo‘llarning sifatsizligi ham aholi e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

«Dilorom» mahallasidan to kollejimiz oldidagi ko‘prikkacha yo‘l yozda chang, qishda esa balchiq holatda. Hayronmiz, tuman mutasaddilari bunga qachongacha tomoshabin bo‘lib turisharkin?» — deydi Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Shodiyor Tursunqulov. 

Bu borada tizimli choralar ko‘rish zarur. Masalan, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga Malikrabot hududidan qatnaydigan o‘quvchilar uchun avtobus qatnovi mavjud. Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga qatnaydigan o‘quvchilar uchun yettita mahalla yo‘nalishi bo‘yicha, yo‘l haqi arzonlashtirilgan holda «Isuzu» avtobusi qatnaydi. Bunday yechimlar  hududlardagi mutasaddilarni o‘ylantirishi zarurdir.

Kollejlarda davomat muammosi: Diplom bor-u ish yo‘q (2-qism)

Mavzuga oid