Jamiyat | 15:48 / 08.03.2017
84007
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida mudhish qotillik: Erkak xotini va qizini o‘ldirdi

Ichkilik insonni farzandidan, ota-onasidan, qarindoshidan, qolaversa, oilasi-yu insoniylikdan ayirib yuborishga qodirligi hamisha o‘z isbotini topib kelgan. Sobir Qorayev 2000 yilda Dildoraga uylanib, Quyichirchiq tumanidagi xonadonlardan birida yashab kelayotgan edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Nima jin urdi-yu, so‘nggi besh-olti yildan buyon ichkilikka berilib, oilasi oldidagi mas'uliyatni ham unutib yuborgandi. Mahalla oqsoqollari-yu, ota-onalar, qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlarining pand-nasihatlari unga zarracha kor qilmadi. Oradan yillar o‘tdi. Biroq S.Qorayev ichkilikni tashlamadi.

2016 yil 20 iyun. Soat 23:30larda Sobir odatdagidek spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holatda uyiga kirib keldi. Ayoli Dildora Saidova unga peshvoz chiqdi-yu, erining yana mast ekanligini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi.

-  Yana ichib keldingizmi? Bir kun ichmasangiz kuningiz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi o‘zi...

-  Shirin so‘zing yo‘g‘-a, xotin! Koyiganing-koyigan. Uyga kelsam, asablarim buziladi. Seni dastingdan uyga kelishga ham bezillab qoldim. “Ming‘ir-ming‘ir” qilaverib, jonimdan to‘ydirding...

Ularning bahsi janjalga aylanib ketdi. Oshxonadan bolg‘a olib, ayolining boshiga bir necha marta tushirdi. Qiy-chuvdan uyg‘onib ketgan 16 yoshli qizi Zamira ularning janjaliga aralashib qoldi. Mastlik ustun kelib, Sobir Zamirani ham bolg‘a bilan ura ketdi.

Shundan so‘ng u yotoqxonadan hovliga chiqdi. Ammo vahshiylik kayfiyati uni hamon tark etmagan edi. Hovli burchagida yotgan temir bo‘lagi (armatura)ni olib, yotoqxonaga qaytib kirdi. Temir bo‘lagini ishga soldi...

Ona-bola voqea joyida vafot etishdi. Qotil esa qonga belangan kiyimlarini almashtirib, bolg‘a va temirni ham yuvib, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek akasining uyiga yo‘l oldi. Voqeadan xabar topgan aka IIBga borib, bu haqda xabar berishni, aybiga iqror bo‘lishni maslahat berdi. U akasi aytgandek yo‘l tutdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi Sobir Qorayevga 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Mavzuga oid