Fan-texnika | 16:35 / 09.03.2017
8651
2 daqiqa o‘qiladi

WhatsApp yangi tizimni sinovdan o‘tkazmoqda

WhatsApp ishlab chiqaruvchilari kompaniyalarga messenjer foydalanuvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beruvchi yangi tizimni sinovdan o‘tkazishmoqda. Bu haqida loyiha bilan tanish manbaga asoslangan holda Reuters agentligi xabar berdi

Biznes uchun sinovlar Y Combinator startap-inkubatoridagi bir necha kompaniyalar bilan o‘tkazilmoqda. Test sinovlari hozircha erta bosqichda, deydi unda ishtirok etayotgan Cowlar Inc startapi hammuassisi Amir Ilyos. Kompaniya sigirlarning jismoniy holatini kuzatishga mo‘ljallangan "aqlli bo‘yinbog‘lar"ni ishlab chiqaradi. Cowlar kompaniyasi bo‘yinbog‘lardan fermerlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yo‘llash maqsadida WhatsApp'dan foydalanmoqchi. 

"Bu ajoyib imkoniyat, zero yirik sut bozorlaridagi fermerlarning aksariyati - Hindiston, Braziliya va Pokistonda - WhatsApp'dan foydalanishadi", - deya izohlaydi Ilyos. 

Servis jamoasi ham, o‘z o‘rnida, foydalanuvchilar orasida "Siz kompaniyalarga WhatsApp orqali murojaat qilasizmi va ulardan spam olasizmi?" mazmunida so‘rovnoma o‘tkazmoqda. 

Y Combinator prezidenti Sem Altman Reuters'ga hech qanday sinovlar haqida bilmasligini aytgan. WhatsApp vakillari yangi biznes rejalar haqidagi ma'lumotga izoh berishdan bosh tortishdi. 

WhatsApp 2014 yilda Facebook kompaniyasi tomonidan 19 milliard dollarga xarid qilingandi. O‘tgan uch yil ichida 1 milliarddan ziyod foydalanuvchisi bo‘lgan servis biznes-model ishlab chiqarmadi. 

Mavzuga oid