Jahon | 17:53 / 07.05.2025
1353
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi Pegasus josuslik dasturini yaratgan Isroil kompaniyasini 170 mln dollar jarimaga tortdi

Ushbu dastur WhatsApp messenjeridagi zaifliklardan foydalanib, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Jabrlanganlar orasida jurnalistlar, huquq himoyachilari va diplomatlar ham bor.

Foto: Getty Images

AQSh sudi Pegasus josuslik dasturini ishlab chiqqan Isroilning NSO Group kompaniyasi zimmasiga WhatsApp va unga egalik qiluvchi Meta kompaniyasiga kompensatsiya sifatida qariyb 170 million dollar to‘lash majburiyatini yukladi. Ushbu dastur orqali messenjerdagi zaifliklardan foydalanilgan holda akkauntlar va mobil telefonlar buzib kirilgan, deb xabar beradi Politico.

WhatsApp NSO Group’ga qarshi 2019 yil oktyabrda da’vo kiritgan. Unda aytilishicha, o‘sha yilning aprel-may oylarida NSO Group 1,4 mingta mobil telefonga Pegasus dasturini o‘rnatish uchun WhatsAppʼdagi zaiflikdan foydalangan. Xususan, josuslik dasturi bilan jurnalistlar, huquq himoyachilari hamda Bahrayn, BAA va Meksika diplomatlarining qurilmalari zararlangan.

2024 yil dekabrda Kaliforniya okrug sudi Isroil kompaniyasini telefonlarni buzib kirish ishida aybdor deb topgandi.

Meta kompaniyasi xabarida ta’kidlanishicha, kompaniya NSO Group’ning WhatsAppʼga hujum qilishini taqiqlovchi sud qaroriga erishadi. Kompaniya, shuningdek, Isroil kompaniyasidan oladigan pullarni raqamli huquqlarni himoya qiluvchi tashkilotlarga o‘tkazib beradi.

Sud qaroriga izoh bergan NSO Group yana bir bor Pegasus’ga nisbatan tanqidlarni rad etib, ushbu dastur «jiddiy jinoyatlar, jumladan, terrorchilik harakatlarining oldini olishda muhim rol o‘ynashi va vakolatli davlat organlari tomonidan mas’uliyat bilan foydalanilishi»ni ma’lum qildi.

Pegasus — Isroil maxsus xizmatlaridan chiqqan shaxslar tomonidan asos solingan NSO Group kompaniyasi mahsuloti. Ular Pegasus’ni dunyo bo‘ylab faqat hukumat mijozlariga sotishini ta’kidlab keladi. Dasturchilarga ko‘ra, Pegasus terrorchilarni kuzatishga mo‘ljallangan, ammo hukumatlar undan mustaqil jurnalistlar va muxolifatga qarshi foydalanmoqda. Josuslik dasturi telefonda ma’lumotlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning aprelida Ispaniya Oliy sudi Isroil NSO Group kompaniyasining Pegasus josuslik dasturidan foydalangan holda bosh vazir Pedro Sanches va boshqa ispan siyosatchilarining telefonlari buzib kirilgani ehtimoli bo‘yicha tergovni qayta boshlagan edi.

Mavzuga oid