Jamiyat | 20:19 / 13.03.2017
27782
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik ovchi bo‘ri ovlash sirlari bilan bo‘lishdi

Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanidagi Olg‘a qishlog‘ida yashovchi Usenboy Darmonov 12 yoshidan buyon bo‘rilar bilan "suhbatlashadi". "Turmush" nashrida u haqidagi maqola taqdim etildi
 
Manbaga ko‘ra, 45 yoshli erkak bo‘rilarning xo‘jalikdagi mollarga hujumlari ko‘payganidan keyin ovga chiqadi. "Mening ajdodlarim xalq orasida mashhur ovchi bo‘lishgan. Ular yaylovda yashab, chorvachilik bilan shug‘ullanishgani uchun mollarni yirtqichlar hujumidan asrash maqsadida ko‘p ov qilishgan. Men ham ularning izidan borib, ovchilik bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Qishloqdagi mollarga hujum qiluvchi bo‘ri va shoqollarni nishonga olaman. Bolaligimda men bo‘rilarning uvillashiga quloq tutib, ularning tovushini takrorlashga harakat qilardim", - deydi ovchi.

U.Darmonov qachonlardir o‘z ovoziga yetarlicha baho bermay, baland ovozda baqirganini yodga oladi. "Shundan so‘ng har tomondan bo‘rilar uvillay boshlagan. Men qo‘rqib ketib, uyga qarab qochganman. Men borgan sari yirtqichlarning tovushiga taqlid qila boshladim. Bo‘rilarning ovozi ham odamlar ovoziga o‘xshab yosh-jinsiga ko‘ra farqlanadi", - dedi ovchi va ularning orasidagi tafovutlarga qo‘shimcha izoh berdi.

"Biz ovga chiqqanimizda men dastlab bo‘riga o‘xshash ovoz beraman, shundan keyin ma'lum bir joyda bo‘rilar to‘plana boshlaydi. Urg‘ochi bo‘riga o‘xshab uvillasang, erkak bo‘ri uni darhol qidirib keladi. Shunda uni ov qilish mumkin bo‘ladi", - deya so‘zlaydi u. Darmonov shuningdek yanvar oyida urg‘ochi bo‘ri tovushiga taqlid qilish ko‘proq natija berishini qo‘shimcha qildi. 

"Bo‘rilar - juda ayyor hayvonlar va ularga o‘q uzish oson ish emas. Ularni tunda ovlagan ma'qul. Har bir ovchining bo‘ri ovlashda o‘z sirlari bo‘ladi. 2008 yildan boshlab Batken viloyatining Ovchilar va baliqchilar ittifoqida shtatdan tashqari inspektor sifatida faoliyat yurita boshladim. O‘shandan beri ovchilar meni o‘zlari bilan tog‘larga olib ketishadi. Nechta bo‘rini nishonga olganimni aniq aytolmayman. Men o‘z vazifamni aholini yirtqichlardan himoya qilishda deb bilaman", - deydi ovchi.

Mavzuga oid