O‘zbekiston | 12:39 / 16.03.2017
14781
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident loyihalarni texnik-iqtisodiy asoslash agentligini tugatishga qaror chiqardi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspert baholash agentligini tugatish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

Ushbu qaror investitsiya loyihalarining loyihadan oldingi hujjatlari sifatini oshirish maqsadida qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish mexanizmini takomillashtirish va ularni tayyorlash jarayonini tezlashtirish, shuningdek, ularni ekspertizadan o‘tkazish tartibini soddalashtirish uchun ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari qaroriga ko‘ra, agentlikni tugatish komissiyasi tasdiqlangan, komissiya a'zolariga tugatish ishlari bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish vazifasi topshirilgan. Bundan tashqari, investitsiya loyihalari tashabbuskorlari bo‘lgan soha bo‘yicha vazirlik va idoralariga tender va loyihadan oldingi hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha o‘z kengashlarini tuzish topshirilgan.

«O‘zbekekspertiza» AJ import shartnomalari investitsiya loyihalarini, xususan, tayyor holda topshiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida sotib olinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalarning narx ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazish uchun vakolatli organ sifatida belgilangan. Hukumatga «O‘zbekekspertiza» faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, uning faoliyatiga eksport-import operatsiyalarini marketing jihatidan tahlil qilish sohasidagi tajribali va malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi topshirilgan.

Mavzuga oid