Jamiyat | 20:00 / 17.03.2017
25806
2 daqiqa o‘qiladi

Shirinlik yeyish bo‘yicha musobaqa fojiali yakun topdi

Janubiy Koreyaning Kvanchju shahridagi dam olish maskanlaridan birida bir guruh talabalar yangi o‘quv yili boshlanishini nishonlashayotganda fojia yuz berdi. Kecha avjiga chiqqanda qizlardan birining yaqinda tug‘ilgan kuni bo‘lgani ma'lum bo‘lgan, deb xabar bermoqda Chosun nashri.

Talabalar tibbiyot fakultetida tahsil oluvchi 4-kurs talabasi bo‘lgan bu qizni tabriklashgach, unga ChocoPie shirinligini tez yeyish bo‘yicha hazilomuz musobaqada ishtirok etishni taklif qilishgan. 21 yoshli qiz musobaqada g‘olib bo‘lishni juda istagani sabab shirinliklarni shosha-pisha paqqos tushira boshlagan.

Oqibatda shirinlik qizning tomog‘iga tiqilib, u hojatxonaga chopib ketgan. Keyinroq qizning kursdoshlari uning jonsiz tanasini hojatxonada aniqlashgan. Qiz zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning vafot etganini qayd qilishgan. 

Qiz vafotining aniq sababi hozircha aniqlanmagan, biroq shifokorlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, qizning nafas yo‘liga shirinlik tiqilib, u nafas ololmay qolgan. 

Ta'kidlash joizki, tezlikka biror narsa yeyish musobaqalari AQSh va Osiyo davlatlarida ancha ommalashgan. Ba'zida bunday musobaqalar yuqoridagi kabi ishtirokchilarning o‘limi bilan yakunlanadi.

Mavzuga oid