Jamiyat | 19:26 / 19.03.2017
27025
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Oliy ta'lim muassasida tahsilni tugatgach, muvaffaqiyatli ishga joylashish har bir yosh yigit-qizning orzusi. Ammo hamma ham o‘qishni tamomlab mutaxassisligi bo‘yicha yaxshi ish topa oladimi? Bugun dunyo aholisini tashvishga solayotgan muammolardan biri ham aynan ishsizlik hisoblanadi. 

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida Toshkent shahar Mehnat bosh boshqarmasi, shahar hokimligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” endigina kollejni tamomlagan yosh bitiruvchilarni ishga joylashtirish va o‘z bizneslarini ochishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Yarmarkada shahardagi 11ta tumandan o‘qishni tamomlagan 10 mingdan ortiq yoshlar, harbiy xizmatni o‘tagan yigitlar, uyda ishsiz o‘tirgan xotin-qizlar va aholining ehtiyojmand qatlamlari ishtirok etdi. Ularga shahardagi korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumot berildi.

— Yarmarkaga turli hududlardan tashrif buyurayotgan hamshaharlarimiz soni ko‘pchilik, — deydi Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmasi rahbari Qudratulla Odinayev. — Yarmarka ishida 700ga yaqin tashkilot, birlashmalar, yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘zlarining faoliyat yo‘nalishlariga doir ko‘rgazmalar shuningdek, 500 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha oylik maosh beriladigan 13 mingdan ortiq vakansiyalar bilan ishtirok etishmoqda. Yarmarkamizning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda ish o‘rinlariga talabgorlar tadbir davomida taklif etilgan ish beruvchilarga o‘z mahorat va kasb ko‘nikmalarini namoyish etishlari uchun alohida maydonchalar tashkil etilgan.

Tadbir davomida ko‘pgina ishtirokchilar qurilish, payvandlash, oziq-ovqat, sut hamda qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohasi, masalan, tikuvchilik uskunalarida tikish-bichish va sartaroshlik bo‘yicha o‘z kasb mahoratlarini namoyish etishdi. Ish beruvchlar esa o‘zlariga ma'qul bo‘lgan nomzodlar bilan shu joyning o‘zida mehnat shartnomalarini imzolashdi.

Yarmarkada yoshlar, xotin-qizlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida Toshkent shahridagi 30dan ortiq tijorat banklari imtiyozli kreditlar, muvaffaqiyatli kichik biznes loyihalarini taqdim etish bo‘yicha ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazishdi. O‘z biznesini ochish niyatidagi yoshlarga yarmarkaning o‘zida Xalq banki filiallarida INN raqami berilib, INPS raqamlari ochildi va tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ishga joylashish istagida bo‘lgan yoshlarga mehnat daftarchalari va boshqa hujjatlar rasmiylashtirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratildi. Ikki kun davom etgan yarmarka doirasida yosh yigit–qizlar shahardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, nufuzli korxona va tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Mavzuga oid