Jahon | 18:54 / 21.03.2017
6871
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon ziyolilarni yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otishga chaqirdi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Navro‘z bayramida an'anaga ko‘ra, mamlakat ziyolilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Prezident ziyolilar oldida chiqish qilar ekan, qadimiy Navro‘z bayrami, unga xos bo‘lgan urf-odatlar haqida so‘z yuritdi hamda tojik ziyolilari ushbu qadimiy bayram targ‘ibotini kuchaytirishiga ishonch bildirdi. Bu haqida Tojikiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi. 

"Ziyolilar qatlami, jamiyatning faol va qudratli kuchi sifatida milliy ong shakllanishi va o‘zlikni anglashda juda muhim rol o‘ynashi, millat va davlat manfaatlarini sodiq va qat'iy himoya qilishi mumkin", - deya ta'kidladi Tojikiston davlat rahbari.

Imomali Rahmon ziyolilar vakillari yosh avlodning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi kerakligini ta'kidladi. 

"Siz har bir o‘smir va yoshning yuragida milliy iftixor va qaynoq vatanparvarlik hissini uyg‘otishingiz, ularni ilm-fan hamda kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirishingiz, shuningdek ularni Vatan farovonligi yo‘lida xizmat qilishga undashingiz kerak".

U mamlakatning barcha ilmiy-ta'lim tuzilmalariga yosh ziyolilar uchun qulay sharoitlar yaratish topshirig‘ini berdi. 

Millat yetakchisi ziyolilar va mamlakat aholisini Navro‘z umumxalq bayrami bilan tabriklab, ularga baxt va farovonlik tilab qoldi.

Mavzuga oid