Fan-texnika | 21:58 / 21.03.2017
13484
2 daqiqa o‘qiladi

Gollandiyaliklar xitoylik milliarder uchun superyaxta loyihasini yaratishdi

Foto: Giudo De Groot

Gollandiyaning Giudo De Groot dizayn-studiyasi va Delft texnika universiteti muhandisi Karel Nguyen ikki korpusli, suvga yarim botuvchi Rén yaxtasi loyihasini taqdim qildilar. Bu haqda Bateaux.com xabar bermoqda.   

Uzunligi 68 metr va eni 27 metr bo‘lgan yaxta 7 metr suvga botadi va SWATH (Small Waterplane Area Twin Hull – "suvga botish yuzasi kichik bo‘lgan ikki korpusli kema"; bunday kemalar suvga yarim botuvchi katamaranlar ham deb ataladi) sxemasi bo‘yicha loyihalangan. Yaxta ikki korpusli sxema evaziga yuqori barqarorlikka ega.

Yaxtaning dvigateli dizel-elektr. Yaxta 10 nafar mehmon va uni boshqaruvchi 40 kishilik jamoaga mo‘ljallangan. Yaxta bortida uning egasi uchun ishchi xona, vertolyot maydonchasi, oranjyereya, dam olish zonasi va fitnes-zal joylashtirish  rejalashtirilgan. Yaxta egasining xohishiga ko‘ra yaxtani okeanografik tadqiqotlar uchun laboratoriya jihozlari bilan ta'minlash mumkin. 

Nguyenning aytishicha, superyaxta konsepsiyasini yaratishda uning yaratuvchilari Xitoy elitasi didini hisobga olishgan va o‘zlariga buyurtmachini 34 yoshli xitoylik milliarder, uylangan va ikki farzandi bor bo‘lgan shaxs sifatida tasavvur qilishgan.  

Guido de Groot Design firmasiga Leydenda (Niderlandiya) 1997 yilda Gvido de Grot ismli muhandis tomonidan asos solingan. Firma motor va yelkanli yaxtalarning tashqi ko‘rinishi va intererlarini yaratishga ixtisoslashgan.

 

Mavzuga oid