Jahon | 17:17 / 23.03.2017
16414
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda Rossiya davlat dumasi sobiq deputati Denis Voronenkov o‘ldirildi

Ukraina poytaxti Kiyev shahrida Rossiya Davlat dumasi sobiq deputati Denis Voronenkov o‘ldirildi. Bu haqda «112 Ukraina» telekanali xabar berdi.

Kiyev politsiyasi rahbari Andrey Krishenko o‘ldirilgan shaxs Rossiya Davlat dumasining sobiq deputati Denis Voronenkov ekanini tasdiqladi.

Guvohlarning ma'lumotiga ko‘ra, kamida yetti bora o‘q tovushini eshitishgan.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakni ushbu holat yuz berganidan so‘ng tezlik bilan chaqirtirgan, deb xabar tarqatdi UNIAN.

Ma'lumotlarga ko‘ra, otishma Kiyev markazidagi «Premer-palas» mehmonxonasi yonida yuz bergan. 

Andrey Krishenkoning ma'lum qilishicha, Denis Voronenkovning o‘ldirilishi buyurtma qilingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda RIA «Novosti» xabar berdi.

«Albatta, buyurtma qotillik. Bu hozirda ko‘rib chiqilayotgan birinchi versiya hamda u marhumning faoliyati bilan bog‘liq», - dedi Krishenko.

Ukraina IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashenko Voronenkovning o‘ldirilishini siyosiy deb atadi. U bu haqda Feysbukdagi sahifasida yozgan.

«Bu buyurtma siyosiy qotillik hamda Rossiyadan G‘arbga yoki Ukrainaga qochib ketishni istagan rossiyalik deputat va amaldorlarni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan... Marhumning rafiqasi, yaqinlari va do‘stlariga o‘z ta'ziyamni bildiraman», - deya ma'lum qilgan Gerashenko.

Biroz o‘tib Kiyev shahri politsiya boshqarmasi boshlig‘i Andrey Krishenko Voronenkovning ehtimoliy qotili jarohat olgani hamda qo‘lga olingani haqida ma'lum qildi. 

«Qotilga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi, u qo‘riqlash xizmati nazorati ostida», - dedi Krishenko.

Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko Denis Voronenkovning o‘ldirilishini, u Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning ishi bo‘yicha guvoh sifatida o‘tgani bilan bog‘lagan.

“Xalq fronti”dan ukrainalik deputat Anton Gerashenko esa Voronenkovning o‘ldirilishini jurnalist Pavel Sheremet va rossiyalik muxolifatchi Boris Nemtsovning halokatiga o‘xshatgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Voronenkov bilan bog‘liq fojiali hodisa bo‘yicha barcha ma'lumotlarni yetkazishgan.

 

Mavzuga oid