Jahon | 22:04 / 27.03.2017
20711
6 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Buyuk Britaniya pullarisiz qanday yashaydi?

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi blok byudjyeti jahonning eng kuchli iqtisodiyotlaridan biridan keladigan a'zolik badalidan mahrum bo‘lishiga olib keladi. Hozircha, Buyuk Britaniya yana qancha vaqt o‘z ulushini to‘lab turishi va YeI Brexit to‘laqonli amalga oshgach, bu bo‘shliqni nima bilan to‘ldirishi haqidagi savol ochiq.

Birlashgan Qirollik hokimiyati tark etish vaqtida 60 mlrd. yevroni to‘lamasligini ta'kidlab bo‘lgan. Yevropa ittifoqi yevrotizimlarda ishlagan britaniyalik xodimlarning pensiyasi va moliyalashtirilishi ma'qullanib bo‘lingan mahalliy loyihalar uchun hisob taqdim etib, shu summani ko‘rsatib o‘tgan.

Bir vaqtning o‘zida ayrim a'zo-davlatlar Bryusselga e'tiroz bildirib, Buyuk Britaniya ittifoqni tark etgach, o‘z a'zolik badallarini oshirmasliklari to‘g‘risida ogohlantirishgan.

Biz Buyuk Brritaniyaning YeI byudjyetidagi ulushi qancha ekanligi va u blokni tark etgach boshqa davlatlar nima qilishi mumkinligini o‘rgandik.

 

Buyuk Britaniya — Yevropa byudjyetining asosiy homiylaridan biri

2014 yilda uning byudjyetga qo‘shgan ulushi Germaniya, Fransiya va Italiyanikidan so‘ng to‘rtinchi bo‘lgan va umumiy hisobda 11,34 mlrd. yevroni tashkil etgan (jami byudjyet 116.53 mlrd. yevro).

2015 yilda bu raqam 18,20 mlrd. yevroga yetgan (jami byudjyet 118.60 mlrd. yevro).

Yevropa qonunchilari uchun tayyorlangan va CNBC ixtiyoriga kelib tushgan ma'lumotnomada shunday deyiladi:

 «2015 yilda Buyuk Britaniya YeI byudjyetiga kattaligi bo‘yicha Germaniya va Fransiyadan so‘ng uchinchi netto-to‘lovchi bo‘lgan. O‘sha yilning o‘zida u absolyut raqamlarda YeI xarajatlarini gardaniga olgan oltinchi davlat bo‘lgan, lekin uning xarajatlardagi ulushi yalpi milliy mahsulotga nisbatan foizlarga nisbatan olinganda eng past bo‘lgan va 0,3 foizni tashkil etgan xolos».

 

Yevropa byudjyetining pullari qayoqqa ketayapti?

Buyuk Britaniya Yevropa subsidiyalarining katta qismini qishloq xo‘jaligi va hududlarini rivojlantirishga sarflaydi.

Yana bu mablag‘lar terrorchilikka qarshi kurashishga, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishga va YeIga a'zo bo‘lmagan davlatlardagi loyihalarga sarflanadi. Bundan tashqari, bu pullar barcha yevromuassasalar, yevrotizimdagi xodimlarning pensiyasi va ularning bolalari maktablariga ketadigan xarajatlarni qoplaydi.

 

Yevropa institutlarida qancha britaniyalik ishlaydi?

O‘sha hujjatdan iqtibos keltiramiz: «Britaniya fuqarolarining o‘rtacha ulushi 45.845 kishidan olinganda 4 foizni tashkil etadi. Shunday qilib, YeIning Britaniya fuqarolari bo‘lgan doimiy va vaqtinchalik xodimlari 1800 kishi atrofida, bu holda vaqtinchalik shartnomalar, frilanserlar, tashqi xizmat ko‘rsatuvchilar, Yevroparlament deputatlarining yordamchilari va xizmat safariga chaqirilgan mahalliy mutaxassislar hisobga olinmagan».

Bahstalab "YeIdan chiqish haqidagi qonun loyihasi"da Buyukbritaniyada joylashgan YeI institutlarini ko‘chirish xarajatlari haqida ham gap boradi.

Buyuk Britaniyada joylashgan Yevropa komissiyasining 52 xodimi va London va Edinburg bo‘ylab tarqatilgan Yevroparlamentning 17 xodimidan tashqari, yana ikkita idorani ko‘chirish kerak bo‘ladi: Yevropa dori vositalari agentligi va Yevropa bank nazorati tizimi.

 

Buyuk Britaniya qachondan boshlab Yevropa byudjyetiga badal to‘lamaydi?

Bu Brexit doirasida o‘tkazilayotgan muzokaralardagi eng og‘riqli masala. YeI byudjyeti yetti yillik reja asosida shakllantiriladi va uning asosida har yillik xarajatlar ishlab chiqiladi. Ularning so‘nggisi 2014 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan maddatni qamrab olgan.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini 2019 yilning martida to‘liq tark etmoqchi, shu oydan boshlab 2020 yilning so‘ngiga qadar blok byudjyeti so‘roq ostida turibdi.

 

«Ortiqcha to‘lamoqchi emasmiz»

Yevroittifoq moliyaviy bo‘hrondan so‘ng ba'zi bir o‘nglanish alomatlarini ko‘rsata boshladi, lekin a'zo-davlatlar badallarining oshirilishi chinakam muammoga aylanishi mumkin.

Fevral oyida YeIning germaniyalik komissari Gyunter Ettinger Buyuk Britaniya ketgach Germaniya va boshqa netto-donorlar badal pullarini oshirishi lozimligi haqida gapirgan edi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel shu hafta Germaniya ko‘proq to‘lashga majbur ekanligi haqida gap ochdi.

Lekin Germaniya moliya vazirining stats-kotibi Yyens Span ilgariroq Brexit tufayli YeI byudjyeti qisqarsa netto-donorlarning ulushi hajmini avtomatik ravishda oshiradigan hech qanday mexanizm yo‘qligi haqida gapirgan edi.

Daniya moliya vaziri Kristian Yyensen ham xuddi shu fikrni bildirib o‘tgan. O‘tgan seshanbada u Daniya badal pullarini oshirmasligini, YeI byudjyeti esa qisqartirilishi lozimligini bildirib o‘tgan.

Ismi sirligicha qolishini istagan Yevropa mulozimlaridan biri CNBCga shunday degan:

«Hozircha biz bilgan aniq narsa shuki, Brexit Yevropa byudjyetiga keladigan tushumlarning qisqarishiga sabab bo‘ladi. Keyin nima bo‘lishini hech kim bilmaydi: boshqa a'zo-davlatlarning a'zolik badallari oshiriladimi, yangi mablag‘ manbalari topiladimi yoki xarajatlar qisqartiriladimi — har uch variant qo‘llanilgan kombinatsiya ham yuzaga kelishi mumkin».

Shu mulozimning fikricha, a'zo-davlatlar blokning kelajagi borasida aniq bir to‘xtamga kelishmagan. Uning fikricha, bu haqda gapirishga hali juda erta.

Mavzuga oid