O‘zbekiston | 21:26 / 29.03.2017
18541
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident davlat maslahatchisi Andijon viloyatida bo‘ldi

O‘zbekistonda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish masalasida aniq mexanizm ishlab chiqilgan bo‘lib, uning tarkibida sayyor qabul faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyatidagi sayyor qabulida murojaatlar adolatli ko‘rib chiqilmoqda. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Alisher Mirzayev va boshqa mutasaddilar viloyatdan  mamlakat Prezidentining virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarning ijobiy hal etilishi masalasiga atroflicha yondoshdilar. Bu haqda Kun.uz’ning Andijon viloyati muxbiri Elmurod Ermatov xabar bermoqda.

Kunning birinchi yarmida Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan qabul davomida Xonobod shahri, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod tumanlarining 48 nafar fuqarosining arizasi ko‘rib chiqildi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning aksariyat qismini uy-joy masalasi, bolalarni nafaqa puli bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni ta'mirlash, maktabgacha ta'lim muassasalarini barpo etishdagi muammolar qamrab olgan. Murojaatlar tuman va shahar hokimlari, mutasaddi idora rahbarlari ishtirokida o‘rganib chiqildi va aksariyati o‘z o‘rnida yechimini topdi.

Xuddi shunday sayyor qabul kunning ikkinchi yarmida Andijon shahar hokimligida bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon shahri, Oltinko‘l, Izboskan va Paxtaobod tumanlari fuqarolari ishtirok etishdi. Ularning murojaatlaridan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, joylarda  aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash,  voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash, aholini to‘ldirilgan ballonli gaz bilan ta'minlash borasida muammo va kamchiliklar mavjud.

- Paxtaobod tumanida yashayman, sayyor qabulga Paxtaobod tumanidan keldim, - deydi biz bilan suhbatda Barnoxon Bekmirzayeva. – Xonadonimda qo‘y boqib, chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun kredit masalasida virtual qabulxonaga murojaat qilgan edim. Muammolarim hal bo‘ldi.

- O‘ng oyog‘imga 2000 ming AQSh dollari qiymatidagi protez o‘rnatilgan, - deydi Paxtaobod tumanidan tashrif buyurgan yana bir fuqaro Nigoraxon Komilova. - Chap oyog‘imga protez qo‘ydirishda mablag‘dan qiynalyapman. Mana shu masalada yordam so‘rab mamlakat Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat etgandim. Sayyor qabulda sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman hokimligining ko‘magi bilan kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi. Ana shu mablag‘ evaziga Toshkentdagi  nufuzli tibbiyot markazida protez qo‘yiladigan bo‘ldi. Bunday imkoniyatdan xursandman.

Sayyor qabulxonalar 30 mart kuni viloyatning Bo‘z va Asaka tumanlarida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Unda Baliqchi, Shahrixon, Asaka, Bo‘z, Ulug‘nor tumanlari fuqarolarining murojaatlari o‘rganiladi.

 

Mavzuga oid