Jamiyat | 18:49 / 02.04.2017
28591
8 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 7 yildagi eng vayronkor sel oqimlari

Sel intensiv va davomli jala, muzliklar yoki mavsumiy qor qoplamlarining shiddat bilan erishi natijasida yuzaga keladi. RIA "Novosti" 2010-2017 yillar orasida ro‘y bergan eng vayronkor sellar ro‘yxatini taqdim etdi.

2017 yil 1 aprelga o‘tar kechasi Kolumbiyada o‘z qirg‘oqlaridan chiqib ketgan Mokoa, Sangoyako va Mulatos daryolari sel oqimlarini keltirib chiqardi. U 45 ming aholiga ega Mokoa shahrining 17 tumanida qayd etildi. Halok bo‘lganlar haqidagi so‘nggi ma'lumotlar 254 kishining o‘limidan dalolat beradi. Shuningdek, mahalliy Qizil Hoch ma'lumotlariga ko‘ra, yana 400 kishi jarohat olgan, 220 nafari bedarak yo‘qolgan deb topilgan.

2016 yilning may oyi oxirida Qirg‘izistondagi Qadamjoy tumanida biryo‘la bir necha sel oqimlari qayd etilgan. 84 xonadon suv ostida qolgan, bundan tashqari, 95 uyning hududini suv bosgan. Tabiiy ofat 25 kilometr yo‘lni yuvib ketgan, 12 ko‘prikni vayron qilgan, elektr uzatish liniyalari va 21 avtomashinaga ziyon yetkazgan. 5 nafar kishi halok bo‘lgan, bir bola bedarak yo‘qolgan.

2015 yilning iyunida anomal issiq havo muzliklarning erishiga olib keldi, natijada Tojikistonning tog‘li hududlariga sel oqimlari keldi. Tabiiy ofatdan ko‘rilgan umumiy zarar hukumat tomonidan 600 million somoniy (taxminan 92 million dollar)ga baholangan. Sel oqimlari natijasida 8 nafar kishi halok bo‘lgan.

2014 yilning may oyi oxirida Xitoyning janubida juda kuchli sel yomg‘irlari yog‘di. Tabiiy ofat eng ko‘p Guanchjou, Chjaotsin va Tsin'yuan shaharlariga ziyon yetkazgan. Daryolar qirg‘oqdan oshib, sel oqimlarini hosil qilgan. Natijada 16 tezkor magistral yopilgan, 1.1 mingdan ziyod uy vayron bo‘lgan. 19 kishi halok bo‘lgan, yana 7 nafari bedarak yo‘qolgan. Bunday kuchli yog‘inlar provinsiyada yuz yilda bir marta qayd etiladi.

2014 yilning 13 aprelida Tojikistonning janubi-sharqidagi qishloqlarga sel oqimlari kelgan. Sho‘robod tumanida taxminan 10 uy vayron bo‘lgan, 50 turar-joy binosiga ziyon yetgan. Vose tumanidagi To‘garak qishlog‘idagi  250 uy zarar ko‘rgan, ekin maydonlariga katta ziyon yetgan. 14 kishi halok bo‘lgan.

2014 yilning 22 martida Amerikaning Sietl shahri shimolida yer ko‘chishi qayd etildi, 30 ga yaqin uy vayron bo‘ldi. Yer ko‘chishi suv toshqini xavfini uyg‘otib, Stilaguamish daryo tarmoqlaridan birini yopib qo‘ydi. 41 kishi halok bo‘ldi.

2013 yilning 24 apreliga o‘tar kechasi Afg‘onistondagi aholi punktlariga sel keldi. Mozori Sharif, Shulgar tuman markazlari, Kushond va Chorkandda 20 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ziyod turar-joy va xo‘jalik binolari vayron bo‘lgan.

2012 yilning 4 oktabrida Xitoydagi Yunnan provinsiyasi Chjaotun shahar okrugidagi Chjenxe qishlog‘ida sel oqimi qayd etildi. 10 ming kubometrdan ortiq tosh va loylar qishloq boshlang‘ich maktabi binosini to‘liq vayron qilgan. Ko‘chki natijasida maktab o‘rnida yetti metr chuqurlikdagi loy-ko‘l hosil bo‘lgan. 18 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgan.

2012 yil sentabrida Hindistonning Uttarakxand shtatida kuchli musson yomg‘irlari kuzatilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, kuchli sel oqimlari sakkiz qishloqdagi bir necha o‘nlab uylarni vayron qilgan. Kamida 45 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan, yana 18 kishi bedarak yo‘qolgan.

2011 yilning 24 oktabrida  Italiyadagi Liguriya viloyati va markaziy Toskanada kuchli momaqaldiroq ro‘y berdi. U bir qator aholi punktlarida kuchli yer ko‘chishi va sel oqimlariga sabab bo‘ldi, 10 kishi halok bo‘ldi.

2011 yil sentabrida Afg‘oniston sharqidagi Nangarxar provinsiyasida uch kun ketma-ket sel yomg‘irlari qayd etildi. Natijada 640 dan ortiq uy vayron bo‘ldi, 200 gektar yerdagi qishloq xo‘jalik ekinlari payxon bo‘ldi, yuzlab bosh qoramol halok bo‘ldi. 35 kilometrdan ziyod sug‘orish kanallari, 20 mini-to‘g‘on, o‘nlab infratuzilma obektlari yo‘q bo‘ldi. Halok bo‘lgan kishilar haqida ma'lumot yo‘q.

2011 yilning 12 yanvaridagi kuchli jala Rio-de-Janeyroning tog‘li hududidagi bir necha shaharda kuchli yer ko‘chishiga olib kelgan. Mintaqada bir kecha-kunduzda 800 millimetrga yaqin yog‘in qayd etilgan, bu oylik me'yorga to‘g‘ri keladi. Tabiiy ofat natijasida 630 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 13 ming nafardan ortig‘i uysiz qoldi. Bu kataklizma Braziliya tarixidagi eng yirik tabiiy ofat sifatida kiritildi.

2010 yilning 20 sentabrida Xitoy janubidagi Gunadun provinsiyasida qayd etilgan Fanapi to‘foni sel oqimlari va yer ko‘chishlariga olib keldi. So‘nggi 200 yildagi eng kuchli yog‘inlar kamida 70 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, yana 65 nafar mahalliy aholi bedarak yo‘qoldi. Tabiiy ofat deyarli 4 ming uyni vayron qildi, 42 ming gektar yerdagi qishloq xo‘jalik ekinlarini payxon qildi. Xavfsiz mintaqalarga evakuatsiya qilinganlar soni 95 ming kishidan oshgan.

2010 yilning 4 sentabrida Gvatemaladagi sel yomg‘irlari natijasida bir sutkada 40 ga yaqin ko‘chki va sel qayd etilgan, o‘nlab daryolar qirg‘oqdan toshib, ko‘priklar va yo‘llar vayron bo‘lgan. 10 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan. Mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qilingan. Halok bo‘lganlar soni kamida 45 kishidan iborat bo‘lgan.

2010 yilning 16 avgustida Xitoyning Gansu provinsiyasida kuchli sel yomg‘irlari qayd etildi. Tabiiy ofat 30 gektardan ortiq yerdagi ekinlarni yo‘q qildi va 15,2 ming turar-joy binosiga ziyon yetkazdi. 36 kishi halok bo‘ldi, 23 nafari bedarak yo‘qoldi.

2010 yilning 9 avgustida Hindistonning Jammu va Kashmir shtatlaridagi sel yomg‘irlari 145 kishining o‘limiga va 500 kishining bedarak yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Ko‘plab binolar va infratuzilma obektlariga katta ziyon yetgan.

2010 yilning 7 avgustida Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Gansu provinsiyasida 1250 kishi sel yomg‘irlari natijasida halok bo‘ldi, yana 500 nafari bedarak yo‘qoldi.

2010 yil 28 iyunda Xitoyning Guychjou provinsiyasidagi Dachjay aholi punktiga yirik sel keldi. Qishloqni suv bosishi natijasida 99 kishi halok bo‘ldi, ulardan kamida 30 nafari - boshlang‘ich sinf o‘quvchilari. Sel atigi ikki daqiqa ichida butun qishloqni qamrab olgani tufayli undan himoyalanishga imkon qolmadi.

2010 yilning 19 may kuni ro‘y bergan sel yomg‘irlari Kongo Demokratik respublikasining sharqida 46 kishini hayotdan olib ketgan, 200 uy suv ostida qolgan.

2010 yilning 7 mayida Tojikiston janubida qayd etilgan sel 16 kishining o‘limi va 40 kishining bedarak yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. 1,5 mingdan ortiq uy, o‘nlab ko‘priklar, yuzlab kilometr avtomobil yo‘llari vayron bo‘lgan.

2010 yilning 2 aprelida Uanuko (Peru) departamentida sel kelishi natijasida Arroito qishlog‘i yer bilan yakson bo‘lgan. Tabiiy ofat 12 kishining o‘limi va 100 kishining bedarak yo‘qolishiga olib kelgan.

2010 yilning 1 yanvarida Rio-de-Janeyrodagi Ilya Grandi kurort-orolidagi sel yomg‘irlari kamida 52 kishini hayotdan olib ketdi. Qirg‘oqdagi mehmonxona ham ko‘chkilar ostida qolgan, qutqaruvchilar 31 kishining jasadini shu yerdan topishgan.

Mavzuga oid