Jamiyat | 11:25 / 05.04.2017
24041
2 daqiqa o‘qiladi

«Kamolot» YoIHga yangi rahbar tayinlandi

5 aprel kuni «Kamolot» YoIH Markaziy kengashi Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vasiylik kengashiga raislik qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norbayeva hamda barcha mutasaddi vazirlar ham ishtirok etgan.

Yig‘ilish davomida Markaziy kengash raisi lavozimiga yangi rahbar saylandi. «Kun.uz» manbasi ma'lumot berishicha, bundan buyon harakatga Odiljon Tojiyev raislik qiladi.

U fevral oyida harakatga vaqtinchalik rahbar bo‘lgan Sarvar Ashurov o‘rnini egalladi.

«Kamolot»ning avvalgi rahbari Bahodir G‘aniyev yanvar oyida Prezident Devoni yoshlar masalalari sektori rahbari etib tayinlangandi.

Odiljon Tojiyev 1984 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Shu paytgacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a'zosi sifatida faoliyat yuritib kelgan. O‘z vaqtida Harakatning Markaziy kengash apparati Tashkiliy-kadrlar va malaka oshirish bo‘limi mudiri, keyinroq Toshkent viloyat hududiy Kengashining raisi lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid