Rossiyalik deputat possovet davlatlarining mustaqilligini shubha ostiga oldi. O‘zbekiston siyosatchilari unga javob qaytardi
Duma deputati Yevgeniy Fyodorov 14 ta respublikaning barchasi sobiq ittifoqdan go‘yoki noqonuniy tarzda ajralib chiqqani va Rossiya ular bilan “ertami-kechmi nizolashishi yoki urushishi”ni iddao qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining uch nafar deputati uning feyk va fitna nazariyalariga asoslangan da’volariga munosabat bildirdi.
Rossiya Davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov possovet davlatlarining SSSR tarkibidan ajralib chiqishi noqonuniy bo‘lgani haqida feyk iddao bildirib, ertami-kechmi Rossiya va ular o‘rtasida nizo yoki urush kelib chiqishini bashorat qildi.
“Fan nazariyasi nuqtayi-nazaridan, sovet ittifoqi tarkibidan noqonuniy chiqqan barcha respublikalar ertami-kechmi Rossiya bilan nizolashadi yoki urushadi. Bu – nazariya masalasi. Ayrimlari hozir emas: masalan, Belarus. Ayrimlari – Gruziya, Ukraina allaqachon urushib bo‘ldi. Bu Armanistonga ham to‘la-to‘kis ravishda tegishli”, – dedi Fyodorov.
Unga ko‘ra, Rossiya xalqaro huquqqa va SSSR qonunlariga murojaat qilgan holda, sobiq sovet respublikalari bilan diplomatik muloqotlar orqali harbiy nizolarning oldini olishi mumkin.
“Ya’ni xalqaro huquq va sovet ittifoqi qonunlarini hisobga olgan holda, ular bilan hozirgi statuslari bo‘yicha qaytadan kelishuvga erishamiz. Masalan, 1991 yilda buzilgan 14/09-sonli qonun”, – dedi rossiyalik deputat.
Yevgeniy Fyodorovning bayonotiga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining ikki o‘rinbosari va “Yuksalish” harakati raisi javob qaytardi.
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovning fikricha, rossiyalik siyosatchilarning bunday yondashuvlari “Rossiyaning boshiga yetadi”.
“Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi, shekilli…
Bundan biz foyda ko‘ramizmi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi.
Yong‘inga qarshi choralar ko‘rib, sovuqqonlik bilan kuzatamiz…” – dedi Qodirov.
Parlament quyi palatasi spikerining yana bir o‘rinbosari Odiljon Tojiyev Fyodorovning bayonotini “g‘oyat original” deb ta’rifladi.
“Xalq vakili o‘zini geosiyosatning yetuk mutaxassisi sifatida ko‘rsatib, har xil hech kimga noma’lum “nazariyalar”ni keltiribdi.
Uning aytishicha, sovet ittifoqini barcha respublikalar noqonuniy tark etgan, allaqanday 14/09-sonli qonunni buzgan holda. Aftidan, Fyodorov Konstitutsiya barcha qonunlardan ustun ekanligini tushunmaydi. Modomiki, SSSR Konstitutsiyasining 72-moddasida shunday deyilgan edi: “Har bir ittifoq respublikasi SSSRdan erkin chiqish huquqini saqlab qoladi”, – deya yozdi Odiljon Tojiyev o‘z sahifasida.
Uning qayd etishicha, agar Fyodorovning mantig‘idan kelib chiqilsa, o‘tgan 32 yil davomida Rossiya Federatsiyasi nomidan ish tutgan prezidentlar Yelsin va Putin, Rossiya parlamenti va hukumati, Rossiya davlat hokimiyatining barcha institutlari bu respublikalar bilan noqonuniy munosabatlarda bo‘lgan.
“Ya’ni, ikki tomonlama (suveren tenglik asosidagi siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, harbiy, madaniy va boshqa sohalardagi) aloqalarning barchasi hamda ko‘p tomonlama formatlar, bitimlar, shartnomalar (MDHdan boshlab turli xil Shanhay shartnomalarigacha) noqonuniy edi. Bu holda, butun dunyoga ishonch bilan e’lon qilish mumkinki, bunday noqonuniy huquqiy makonda ishlaydigan Rossiya hokimiyat institutlari o‘z mohiyatiga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi.
Shunday qilib, hurmatli deputat bilvosita, ammo nozik tarzda Rossiya davlatidagi barcha davlat hokimiyati institutlarini noqonuniy munosabatlari uchun tarqatib yuborishga chaqirdimi?
U hazillashyapti, hoynahoy”, – dedi siyosatchi.
Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Moskvadan yangragan bayonot muallifini “navbatdagi fantazyor” deb atab, uning iddaolari “sog‘lom fikr mahsuli emas”ligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda Rossiya tashqi kuchlar koloniyasi ekanligiga ishonuvchi, konspirologik nazariyalarni ilgari suruvchi Duma deputatining so‘zlariga qandaydir jiddiy munosabat bildirish shart emas, deb hisoblaymiz.
O‘zbekiston mustahkam suverenitet va kuchli davlatchilikka ega mamlakatdir.
Qolaversa, biz Rossiya bilan ittifoqchi mamlakatlarmiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan.
P.S: Yaqinda Yaroslav Yevdokimovning “Fantazyor” degan qo‘shig‘ini Azamat Musagaliyev yangi oranjirovkada ijro etdi”, – dedi Bobur Bekmurodov.
Yevgeniy Fyodorov – Rossiyada hukmron “Yedinaya Rossiya” partiyasi vakili, 1993-1996 yillarda va 2003 yildan to hozirgacha Duma deputati, ayni paytda Dumaning budjet va soliq masalalari qo‘mitasi a’zosi. Fyodorov Rossiyadagi “Milliy-ozodlik harakati” nomli siyosiy birlashma koordinatori hamdir. Bu birlashma Rossiyaning 1945 yilgi chegaralariga qaytishni, SSSR tarqab ketishiga doxil voqealarni tergov qilishni targ‘ib etib keladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili boshqa bir rossiyalik deputat Konstantin Zatulin O‘zbekiston prezidentining Shahidlar xotirasi maydonidagi ma’ruzasining rus OAVdagi asossiz talqiniga suyanib, xato bayonot bergan. Bunga Alisher Qodirov va O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev javob qaytargandi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024