O‘zbekiston | 09:15 / 08.04.2017
20452
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, 2017 yil 7 apreldan e'tiboran kuchga kirdi. Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining faoliyatini tartibga solishdan iborat. 

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligiga doir konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta'minlashga ko‘maklashadi.

Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kollegiallik, xolislik, o‘z a'zolarining teng huquqliligi va ochiqlikdan iboratdir. 

Kengash va uning a'zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. 

Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, shuningdek mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Kengashning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Kengash qarorlari uning majlisida kollegial ravishda qabul qilinadi. Kengash a'zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta'sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi. 

Kengashning barcha a'zolari teng huquqlidir va uning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda bittadan ovozga egadir. 

Kengash o‘z faoliyatini ochiq tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Qonunning to‘liq matni O‘zA saytida to‘liq e'lon qilingan

Mavzuga oid