Jahon | 20:54 / 10.04.2017
52081
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov o‘z strategiyasini o‘zgartirmoqda

Facebook aksiyalarida 1,4 milliard ishlab olgan va hanuz Uber Technologies ulushiga ega rossiyalik magnat xom ashyo sohasi investitsiyalariga qaytmoqda. Bloomberg shu haqida xabar berdi

63 yoshli Alisher Usmonov agentlikka bergan intervyusida qazilma kompaniyalariga sarmoya kiritgani, zero uch yillik past narx-navodan so‘ng ularning qog‘ozlari yana o‘sa boshlaganini ma'lum qildi.

2016 yilda Xitoyning kelgusi iqtisodiyoti hamda metall bahosi oshishi borasidagi xavotirlar pasayishi fonida Bloomberg World Mining aksiyalari 38 foizga oshdi.

Fortescue Metals Group va Anglo American kabi kompaniyalar aksiyalari qimmatlashdi.

Usmonov shunday dedi: «O‘tgan yil BHP Billiton, Fortescue kabi xom ashyo kompaniyalari va neft-gaz sektorining an'anaviy kompaniyalariga sarmoya kiritish yuqori daromad ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatdi». 

Mil­li­ar­der aynan qaysi kompaniyalar aksiyalarini qo‘lga kiritganiga oydinlik kiritmadi.

Bloomberg Billionaires Index'ga ko‘ra, Usmonovning «Me­tal­lo­in­vest» metallurgiya holdingiga asoslangan moliyaviy holati hozirda 14 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Uning o‘sishi qisman yaqin yillarda jahon texnologiya kompaniyalariga muvaffaqiyatli investitsiyalari bilan izohlanadi, Facebook va Alibaba ham shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, milliarder DST va yana bir hamkorlar bilan tashkil qilingan fond orqali eng yirik Flipkart hind internet-riteyleri, Xitoyning Xiaomi smartfon ishlab chiqaruvchisi, Hindistondagi Ola Cabs hamda Xitoydagi Didi Chuxing taksi buyurtma servislari ulushlarini xarid qildi. 

Usmonov agentlikka bergan bayonotida texnologiya sohasi va internetga kiritayotgan sarmoyasini oshirmoqchi emasligini ma'lum qildi. 5-7 yil avval xarid qilingan qog‘ozlar loyihalarning u yoki bu bosqichi tugagunga qadar uning portfelida qoladi. Biroq shu bilan birga milliarder yangi sarmoyalar uchun ham mablag‘ yig‘ish va o‘zining ba'zi kompaniyalarida qarz yukini kamaytirishga harakat qiladi.

Alisher Usmonov G‘arb xom ashyo kompaniyalariga birinchi marta mablag‘ ajratishi emas. 2003 yilda u Britaniyaning Corus Group po‘lat kompaniyasi ulushini xarid qilgan va bir yildan keyin uni daromad bilan sotgan. Shuningdek u Nautilus Mineral kompaniyasiga ham sarmoya kiritgan. 

 

Mavzuga oid